22:06 / 09.07.2019
4618

O‘zbekistonda OTM o‘qituvchilari reytingi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda

Oliy Majlis Senatining joriy yil birinchi yarmidagi faoliyati va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan hisobotlar sessiyasi doirasida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish Qo‘mitasi tomonidan jurnalistlar uchun Milliy matbuot markazida brifing tashkil etildi.

Qo‘mita raisi Botir Matmuratovning ta'kidlashicha, o‘tgan olti oy mobaynida Oliy Majlis Senatining 18-, 19- va 20-yalpi majlislarida qonunchilik faoliyatini amalga oshirish borasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va ma'qullangan, ma'qullash uchun Senatga kiritilgan Qo‘mita yo‘nalishiga taaluqli 9ta qonun va 4ta masala ko‘rib chiqildi. Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «Mahkumlar va qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar muhokama qilindi va ma'qullandi.

Hisobot davrida Qo‘mita a'zolari tomonidan saylovchilar, jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 230ta senator so‘rovi va murojaati yuborilgan. Qo‘mitada doimiy asosda ishlovchi senatorlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning 3238ta murojaati ko‘rib chiqilib, senatda va joylarda jami 1444 nafar fuqaro qabul qilingan.

Anjumanda kelgusidagi rejalar haqida ham so‘z borar ekan, Qo‘mita a'zolari o‘z faoliyatida asosiy e'tiborni O‘zbekiston Prezidentining Senatning 20-yalpi majlisida so‘zlagan nutqida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratishi alohida ta'kidlandi. Xususan, bu borada ishlab chiqilgan Senatning chora-tadbirlar rejasiga muvofiq Qo‘mita tomonidan qonun loyihalarini ishlab chiqish jarayonida gender ekspertizadan o‘tkazish amaliyotini joriy qilish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va ularning qo‘mitalari majlislarida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Adliya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Davlat bojxona qo‘mitasining hisobotlarini ko‘rib chiqish kabi tadbirlar belgilangan.

Bundan tashqari, kelgusida Respublikadagi oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari reytingini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Pedagoglarning dars o‘tishi, korrupsiyaga moyilligi va odob-axloq qoidalariga amal qilishi maxsus komissiya tomonidan tahlil qilinib, ular ro‘yxati fakultetlar va fayelarda doimiy e'lon qilib boriladi. Bu orqali OTMlarda korrupsiya holatlarini kamaytirish maqsad qilinmoqda.

Top