08:16 / 10.07.2019
6936

2018 yilda millionerlarning jami boyligi 7 yil ichida ilk bor kamaydi

Foto: DPA/TASS

2018 yil dunyodagi barcha dollardagi millionerlarning umumiy boyligi 3 foizga kamayib, 68,1 trln dollarni tashkil qildi. Bu haqda Capgemini SA sharhida ma'lum qilingan.

Har yili chop etiluvchi World Wealth Report hisobotiga ko‘ra, 2018 yilda o‘ziga to‘q odamlar (high-net-worth individual, HNWI) soni ham 0,3 foizga kamayib, 18 mln kishini tashkil qilgan.

Ko‘rsatkichlar 7 yil ichida ilk bor pasaygan. Bu asosan fond bozorlarining qulashi va muhim mintaqalarda iqtisodiy o‘sish sur'atlaari sekinlashgani bilan bog‘langan.

Boy odamlar sonining kamayishi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (-1,7 foiz) va Yevropada (-0,7 foiz) ayniqsa sezilarli bo‘lgan. Shimoliy Amerikada vaziyat deyarli o‘zgarmagan (+0,4 foiz), Yaqin Sharq va Lotin Amerikasida millionerlar soni mos ravishda 5,8 va 1,9 foizga ko‘paygan.

Natijada sarmoya qilgan aktivlari kamida 1 mln dollarni tashkil qiluvchi odamlar soni Shimoliy Amerikada 5,7 mln, Yevropada 4,8 mln, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida 6,1 mln, Yaqin Sharqda 0,7 mln, Lotin Amerikasida 0,6 mln va Afrikada 0,2 mln nafarni tashkil qilgan.

AQSh, Yaponiya, Germaniya va Xitoyda 2018 yil oxiriga ko‘ra barcha millionerlarning 61,2 foizi yashagan. 

World Wealth Report o‘z dokladini tuzishda hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining 98 foizi va global fond bozorlari kapittalashuvining 99 foizi to‘g‘ri keluvchi 71 ta davlatdan olingan ma'lumotlarni qo‘llaydi.

Top