15:54 / 15.07.2019
8331

Janubiy Koreya prezidenti Yaponiyani sanksiyalar joriy etgani uchun tanqid qildi

Foto: AFP

Koreya prezidenti Mun Chje In strategik ahamiyatga ega xomashyolar eksporti uchun cheklovlar kiritgan Yaponiya hukumatiga norozilik bildirdi.

"Tokioni kiritilgan sanksiyalar Yaponiya iqtisodiyoti uchun jiddiy zarar keltirishi haqida ogohlantirmoqchiman. Yaponiya hukumati Janubiy Koreyaga bir tomonlama bosimni to‘xtatadi va biz diplomatik yechim topishga kirishamiz deb umid qilaman", - dedi Mun Chje In. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tokioning cheklov choralari Janubiy Koreya iqtisodiyoti o‘sishini sekinlashtirishga qaratilgan.

1 iyul kuni Yaponiya yarimo‘tkazgichlar va gadjetlar ekranlari ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan uch turdagi xomashyo eksporti ustidan nazoratni kuchaytirdi. Endilikda ularni olish uchun alohida ruxsatnoma kerak bo‘ladi.

Tokio va Seul o‘rtasidagi munosabatlar 2018 yil kuzda, Koreya oliy sudi Yaponiyaning Nippon Steel & Sumitomo Metal kompaniyasiga Ikkinchi jahon urushi davrida to‘rt nafar koreyalik ishchini majburan ishlatgani uchun tovon to‘lashga hukm chiqarganidan so‘ng keskinlashgandi. Yaponiya bu masala 1965 yilda hal etilganini ta'kidlab, sud qarorini bajarishni rad etgandi.

Mavzuga oid
Top