01:47 / 19.07.2019
15785

AQSh Eronga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi

Foto: AP

Vashington Eronning 5 fuqarosi va 7 ta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda AQSh moliya vazirligi ma'lum qildi.   

Sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan 4 kishi Eronning yadro yonilg‘isini boyitish sohasidagi tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi kompaniyasi bilan bog‘langan.  

AQSh qora ro‘yxatiga, shuningdek, Xitoyning 4 ta kompaniyasi hamda Belgiyada joylashgan yana bir kompaniya tushgan. Ta'kidlanishicha, bu kompaniyalar qotishmalar ishlab chiqarilishi, muhandislik ishlanmalari, eksport va importga aloqador.     

24 iyunda AQSh Eronga, jumladan mamlakatning oliy yetakchisi oyatulloh Ali Homanaiyga qarshi yangi sanksiyalar paketini qabul qilgan. AQSh prezidenti Donald Trampning ta'kidlashicha, ushbu choralar Eron tomonidan AQSh droni urib tushirilgani bilan bog‘langan.

Shu kuni AQShning Eron bo‘yicha vakili Brayan Xuk Tehron yadro dasturi bo‘yicha yangi kelishuvni tuzsa, Vashington barcha sanksiyalarni bekor qilishga tayyorligini aytgan. Bundan avvalroq Eron prezidentining maslahatchisi Hisomiddin Oshna Eron sanksiyalar saqlanib qolguncha muzokaralar olib bormasligini ma'lum qilgan. 

Top