17:32 / 19.07.2019
7812

Toshkent, Farg‘ona hamda Samarqandda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari dam olish kunlarisiz ishlamoqda

Foto: Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi

Toshkent shahar IIBB tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari dam olish kunlarisiz ishlamoqda. Bu haqda poytaxt IIBB xabarida aytiladi.

Qayd etilishicha, shanba va yakshanba kunlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida ish kunlaridir. Ish vaqti – 8.00 dan 20.00 gacha.

Yakshanba kunlari barcha tuman MvaFRBlariga pasport-viza tartibi bilan bog‘liq boshqa masalalar bo‘yicha murojaat qilish mumkin. Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, propiska va ro‘yxatdan chiqish masalalari shular jumlasidan.

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Kun.uz’ga xabar berishicha, ushbu viloyat Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi ham shanba va yakshanba kunlari ishlamoqda.

Bildirilishicha, fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish hamda qulayliklar yaratish maqsadida haftaning dam olish kunlari biometrik pasportlarni rasmiylashtirish va tayyor pasportlarni olib ketish masalasida Farg‘ona  viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga murojaat qilish mumkin.

Bundan tashqari, Samarqandda ham Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi shanba va yakshanba kunlari ishlamoqda. Bu yerga shu kunlari aynan biometrik pasport rasmiylashtirish hamda tayyor pasportni olib ketish bo‘yicha murojaat etish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 1 yanvar kunidan egasining biometrik ma'lumotlari bo‘lmagan pasportlar bekor hisoblanadi.

Top