17:40 / 22.07.2019
80466

O‘zbekistonda yer tasarrufi: kecha, bugun, ertaga

Qishloqda tug‘ilib o‘sganman. SSSR qishloq xo‘jaligi davrini ko‘rdim, mustaqillikdan keyin shakllantirilgan qishloq xo‘jaligini ko‘rdim, endi, mana, Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan yangilanish davrini ko‘ryapman va bu davrlar orasida farqlarni kuzatishga urinyapman. Men siz o‘quvchiga bugun o‘z mahallam hayoti misolida davrlar almashishi qishloq hayotini va qishloq xo‘jaligini qay tarza o‘zgartirgani haqida aytib bermoqchiman.

Sobiq SSSR

Xususiy mulkchilikka tish-tirnog‘i bilan qarshi turgan SSSR tuzumi, tabiiyki, qishloq xo‘jaligini ham o‘z qolipiga solgan edi — hammasi davlat tomonidan belgilanadigan rejaga muvofiq yuritilar, «bizga buncha kartoshka kerak, buncha non zarur», deb yuqoridan belgilanar va o‘sha reja bajarilar edi. Ammo hatto o‘sha SSSR tuzumi ustida turganlar ham bir payt kelib qishloq xo‘jaligada xususiy mulkchiliksiz ishlar bitmasligini anglab, xususiy tomorqachilikka o‘rin berishdi. Buning natijasida, masalan, bir paytlar (SSSR davrida) mahalladoshlarim har yili sal kam yoppasiga karam ekishar va «zagotkontora»ga topshirib, daromad olishar edi. Yana, masalan, SSSR paytidayoq biz tomonlarda kamdan-kam odam go‘shtni magazindan sotib olardi — qassobxonalarni go‘sht bilan aynan uylarda (tomorqalarda) mol boquvchilar ta'minlashar edi. Ya'ni, xususiy sektor hatto SSSRning og‘irini yengil qilib turgan. Ammo asosiy ulush davlat izmida edi.

Salkam hamma narsasi davlatniki, ya'ni narsalarining tayinli egasi bo‘lmagan SSSRda talon-torojliklar oldini olish borgan sayin qiyinlashib boraverdi. Zero, nazoratchi idoralarning o‘zi sekin-asta o‘g‘rilikka mubtalo bo‘ldi. Kamchiliklarni oshkor qilish SSSR tuzumida o‘ta qiyin kechgani bois tuzum o‘z-o‘zini tuzata olmadi va... oxir-oqibat SSSR quladi.

Mustaqillik

1991 yil. Parchalangan «ittifoq» achinarli manzarani hosil qilgan edi — chilparchin bo‘lgan iqtisodiy aloqalar mustaqil davlatlarni salkam ocharchilik yoqasiga olib kelib qo‘ydi. Ocharchilik esa ommaviy noroziliklarga olib kelishi mumkin edi. Shunday paytda O‘zbekistonni ocharchilikdan (ommaviy norozilikdan deb aytsak ham bo‘ladi) millionlab qishloq oilalariga tomorqa uchastkalari berilgani qutqarib qoldi — millionlab qishloq odamlari o‘zlarini tomorqalarga urishdi, bozorlar mahsulotga to‘ldi, minglab tonna meva-sabzavot (asosan sobiq sovet respublikalariga) sotildi. Mamlakat qiyin ahvoldan chiqib oldi.

Ya'niki, yerni odamlarga erkin foydalanishga berish – to‘g‘ri, samarali yo‘l ekan. Biz uchun muhim xulosa shu. Ammo, qiyin ahvoldan o‘tib olingandan keyin, mazkur xulosa chetda qolib ketdi – qishloq xo‘jaligida xususiy mulkchilikni shakllantirishdan voz kechildi. Buni 1921 yilda bolsheviklar hukumati qo‘llagan usul — NEP (novaya ekonomicheskaya politika)ga qiyoslasa bo‘ladi. Iqtisodiy tanglikdan chiqib ketish uchun sovet hokimiyati o‘shanda aholining moddiy manfaatga intilish omilidan foydalangan — xususiy mulkchilikka erkinlik bergan edi. Tanglikdan chiqib ketib, ishlar o‘nglangandan so‘ng esa bundan voz kechilgan edi.

Mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekiston rahbariyati oldida muhim masala gavdalandi — kolxozlarni isloh qilish.

Kolxozlar

Qishloq xo‘jaligida 70 yil hukm surgan kolxoz tizimi bozor iqtisodiyotiga zidligi bois uni isloh qilish, moddiy manfaatdorlikka suyangan yangi tizimni yuzaga keltirish, qishloq xo‘jaligida ega hissini shakllantirish, qishloqlarimizda milliondan oshiq erkin dehqonlardan iborat yangi formatsiyani yuzaga keltirish mumkin bo‘ldi. Aynan shu tarzda O‘zbekiston o‘zida yuqori samarali agrar sektorni barpo qilishi mumkin edi. Biroq bu yo‘ldan borilmadi.

«Kolxoz» nomiga barham berilgani bilan, kolxozning asl mohiyati saqlab qolindi — qishloq xo‘jaligini davlat rejasi bilan yuritish prinsipi. Avvaliga kolxoz yerlari davlat rejasiga asosan paxta va bug‘doy yetishtirishga safarbar etilgan oilaviy shirkatlarga bo‘lib berildi. Keyin boshqaruvni osonlashtirish maqsadida yirik xo‘jaliklar — fermerchilik tashkil qilindi. Lug‘atga murojat etib, «fermer» so‘zining butun dunyodagi ta'rifini o‘qiymiz:

«Fermer — xususiy yoki ijaraga olgan yerida bozor talabiga qarab o‘zining mustaqil qishloq xo‘jalik faoliyatini yurituvchi tadbirkor»

Ta'rifdan ko‘rinib turibdiki, aslida fermer bu avvalo — tadbirkor. Ya'ni ishlarini tabdir bilan yurituvchi mustaqil tadbirkorlik sub'yekti. Bizda esa «fermerchilik» deb erkin qaror qabul qila olmaydigan, davlat buyurtmasini bajaruvchi sinf yuzaga keltirildi. Shu sabab quyida «fermer» so‘zini qo‘shtirnoq ichiga olib yozamiz.

«Fermer»chilik qanday joriy bo‘ldi?

Yo‘l-yo‘lakay fermerchilik qanday yo‘lga qo‘yilgani haqida biroz. «Fermer» bo‘lishni istaganlar uchun konkurs e'lon qilindi, da'vogarlarga qo‘yiladigan shartlar aytildi. Keyin ko‘plab «qiziqarli», ammo avvaldan bashorat etish mumkin bo‘lgan «oddiy» ishlar yuz berdi. Yerlar faqat o‘z ishining ustasi – yerda ishlashni biladiganlarga berildi, desak, to‘g‘ri gapni aytmagan bo‘lamiz, zero, jarayon korrupsiya va tanish-bilishchilik, oshna-og‘aynichilik muhitida o‘tdi. Eh-he, «kampaniya» qizig‘ida nimalar bo‘lmadi, deysiz...

Mahallamda yashovchi bir qancha «shirkatchi» dehqon oilalarning kichik yerlari olinib, o‘sha — yangi tuzilgan «fermer»larga berildi — o‘nlab oilalar davlat buyurtmasi bilan bo‘lsa-da, yuritib turgan yerlar bitta «fermer»ga o‘tdi. Natijada, mahallamda ko‘plab oilalar ishsiz qoldi. Keyinroq yanada «yiriklashtirish» bo‘lib o‘tdi — bir nechta «fermer»ning yeri «ixtiyoriy-majburiy» tarzda bitta, kattaroq «fermer»ga olib berildi. Yana qanchadan-qancha odam ishsiz qoldi.

Yeriga, yetishtirgan mahsulotiga, bankdagi puliga ega bo‘lolmaslik, paxta va bug‘doy ekish majburiyati, tinimsiz yig‘ilishlar, tortib olishlar, haqoratlar eshitish va ba'zida musht va tepki yeyish — bular «fermer»chiligimizning eng «yorqin» tomonlari. Umuman olganda, «fermer»chiligimiz odamlarni mislsiz sarson qilishdan iborat bo‘ldi.

Fermer qanday bo‘lishi kerak?

Avvalo, dunyo xaritasining biror nuqtasida bizda bo‘lganidek fermerchilik yo‘q — davlat rejasi bo‘yicha yerga ishlov beradigan toifa «fermer» deb hech bir yerda atalmaydi. Hali aytganimizdek, «fermer» deb qarorlarni o‘zi qabul qiladigan mustaqil dehqon-tadbirkorga aytiladi. Va aynan shu omil — fermerning mustaqilligi qishloq xo‘jaligi samaradorligining bosh omili deb qaraladi, zero, mustaqil fermergina yerga mehrini beradi, izlanadi, yerining har bir qarichidan foyda olishga urinadi.

Yerdan yaxshi foyda olayotgan rivojlangan davlatlarga qaraydigan bo‘lsak, barchasida mustaqil fermerni — bozor kon'yunkturasiga qarab nima yetishtirishni o‘zi belgilaydigan fermerga duch kelamiz. Ishlov beriladigan yeri O‘zbekistonnikidan o‘nlab barobar kam bo‘lgan, ammo qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinlarni egallab turgan davlatlarda ham faqat va faqat mustaqil fermerlarni ko‘rasiz.

Mening mahallam

Keling, endi men tug‘ilib o‘sgan mahalla misolida qishloq xo‘jaligimiz qanday yo‘lga qo‘yilgani haqida biroz fikr yuritsak. Mahallamda:

1. 400ga yaqin oila yashaydi.

2. 700 gektarga yaqin ekin yerlar bor.

Mahallamdagi mazkur 700 gektarda yerda hozir, shartli ravishda, yetti «fermer» faoliyat yuritadi, hali aytganimizdek – davlat buyurtmasiga binoan paxta va bug‘doy yetishtiradi. Bu «fermer»lar yerga mehrini beryapti, deb ham aytish qiyin. Chunki fermer nima ekishni va boshqa tasarruflarni o‘zi hal qilolmaydigan, bir amallab davlat rejasini o‘tab berayotgan zo‘rma-zo‘raki «fermer»dir.

Demak, bir tomonda 700 gektar ovora qilinayotgan, eski SSSRdan qolib ketgan uslubda ishlatilayotgan yerlar, ikkinchi tarafda tog‘ni ursa talqon qiladigan, yerda ishlashning «ko‘zini o‘yadigan», ammo bola-chaqasini ovora qilib, o‘zi chet elda ishlab yurgan, o‘zga iqtisodiyotga xizmat qilib kelayotgan yosh oila boshliqlari...

Zo‘rma-zo‘rakilikning zararlari

Mahallamning yerlari — yiliga uch marta hosil olsa bo‘ladigan yerlar. Asl dehqondan so‘rasangiz bunday yerlarda hozirgidek paxta va bug‘doyni emas, boshqa mahsulotlarni yetishtirish kerakligini, paxta va bug‘doydan ko‘ra o‘n barobar ko‘proq foyda olish mumkinligini aytadi. Zo‘rma-zo‘rakilik va davlat tomonidan belgilanadigan rejaga suyanadigan eskicha tizim esa na yerning sifatini, na bozor kon'yunkturasini, na dehqon qo‘llarining serobligini, dehqon yerdan erkin foydalansagina tom ma'noda samara hosil bo‘lishi kabi faktorlarni hisobga oladi.

Mahallam yoshlari haqida yana bir bor

Mahallamdagi ko‘pchilik oilalar — yosh oilalar. Yosh oila boshliqlari esa, hali aytganimdek, aksar yerda ishlashni biladigan, yerni tushunadigan, qanday yerda nima yetishtirishni biladigan, ozroq yer berib, nima qilishni o‘ziga topshirsangiz, yerni gullatadigan yoshlar. Chunki ular bir yili bo‘lmasa ikkinchi yili ijaraga yer olib ekin ekib kelishyapti. Faqat...

Shu desangiz, bu dehqonchilik tushmagur shu paytgacha turgan-bitgani qimor bo‘lib keldi — bir marta, omadingiz chopib, foyda qilsangiz, boshqa yili «tushib» qolasiz. Chunki «chegara» degan sun'iy omil bor – mahsulot eksporti uchun yo‘llar bir yil ochiq tursa, ikkinchi yil yopilib qoladi va mahsulotingiz suv tekin bo‘lib ketadi. Aynan shu omil sabab qishloq ahlining dehqonchilik qilish istagi yildan yilga birmuncha talafot ko‘rib kelyapti. Zero, bor-budingizni tikib, dehqonchilik qilsangizu, «tushib» qolsangiz hafsalangiz pir bo‘ladi-da! O‘tgan yili, masalan, aynan shunday sun'iy omil sabab Surxondaryoda mashaqqat bilan, minglab gektar yer maydonida yetishtirilgan piyoz pishgan joyida shundoq yerda qolib ketdi...

Yaxshiyamki, joriy yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti sohasi liberallashtirildi va ishlar o‘rniga tushyapti.

Endi savol: O‘zbekistonda yer to‘g‘ri tasarruf qilinyaptimi? Bu haqda keyingi chiqishimizda suhbatlashamiz.

Shokir ShARIPOV.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Top