15:35 / 30.07.2019
5729

Bozorlarda ichimlik suvi ichishga mo‘ljallangan bepul joylar tashkil qilish taklif etildi

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida bozorlarda ichimlik suvi ichishga mo‘ljallangan bepul maxsus joylarni barpo etish haqida petitsiya e'lon qilindi.

“Bozorlarda ichimlik suvi ichish uchun bepul maxsus joylarni barpo etishni so‘raymiz. Bu albatta, xaridorlar va sotuvchilar uchun qulaylik yaratadi. Kimnidir do‘kondan suv sotib olishga puli bo‘lmasligi yoki kimgadir qadoqlangan suv yoqmasligi mumkin. Har kim uchun tanlash huquqini yaratishimiz kerak”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Bildirilishicha, suvsiz hayot yo‘qligi, ayniqsa, yoz mavsumidagi issiq kunlarda ko‘proq seziladi. Bunday joylarni suvni isrof qilmaydigan texnologiyalardan foydalangan holda tashkil etish kerak va nazoratini bozor ma'muriyati amalga oshirishi lozim bo‘ladi.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, bozorlarda ichimlik suvi ichishga mo‘ljallangan bepul maxsus joylarni barpo etishni taklif qilaman”, - deya yakunlanadi petitsiya.

Top