14:38 / 07.08.2019
15616

Qirg‘izistonda Xitoyning oltin qazish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyasi faoliyati to‘xtatib qo‘yildi

Foto: Yevgeniy Yepanchinsev

Qirg‘iziston hukumati Xitoyning Zhong Ji Mining kompaniyasining Sulton-Sari oltin konidagi faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi. Bunga mahalliy aholi va kompaniya ishchilari o‘rtasida sodir bo‘lgan nizo sabab bo‘ldi.

Xabar qilinishicha, ushbu qaror Qirg‘iziston ekologik va texnik xavfsizlik inspeksiyasi xulosasiga asosan qabul qilingan. Sulton-Sari oltin konida sodir bo‘lgan voqeani maxsus komissiya tekshiradi. 

5 avgustda oltin koniga 300 ga yaqin odam kelib, Xitoy kompaniyasi ishlarni to‘xtatishini talab qilgan. Natijada o‘zaro janjal chiqib, odamlar bir-biriga toshlar ota boshlagan. Vaziyatga huquq-tartibot idoralari aralashgan. Xitoy kompaniyasining 20 ishchisi bosh jarohatlari bilan shifoxonaga tushgan.

Odamlar oltin qazib olishga taqiqlov kiritish, Xitoy kompaniyasidan geologik qidiruv ishlari olib borish va oltin qazib olishga litsenziyani qaytarib olish va bu litsenziyani bergan mansabdor shaxslarni jazolashni talab qilishgan. Shuningdek, ular viloyatda mayda shoxli chorvaning ommaviy nobud bo‘lishi sababini aniqlashni talab qilishgan.

6 avgustda Sulton-Sariga vaziyatni tartibga solish uchun maxsus kuchlar va politsiyaning qo‘shimcha kuchlari yuborilgan.

Bungacha mahalliy aholi o‘z chorvasi o‘limida xorijiy kompaniyani ayblab kelayotgandi. Veterinar va fitosanitar xavfsizlik bo‘yicha davlat inspeksiyasi nobud bo‘lgan chorvada margimush va nitrat izlarini aniqlagan. Biroq Sulton-Saridagi suv va tuproq namunalarida zararli moddalar aniqlanmagan bo‘lsa-da, Xitoy kompaniyasiga chorvaning nobud bo‘lishi uchun tovon puli to‘lash hamda konda portlash ishlarini haftasiga 2-3 martagacha kamaytirish va bu haqda aholini oldindan ogohlantirish majburiyati yuklangan.

Mavzuga oid
Top