18:40 / 07.08.2019
4636

Toshkentda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish mavzuida amaliy seminar o‘tkazildi

Foto: Iqtisodiyot va sanoat vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror mohiyatini keng jamoatchilikka to‘laqonli yetkazish hamda mavjud imkoniyatlar va kutilayotgan natijalarni muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari boshchiligida 7 avgust kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligida Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi. Bu haqda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorning asosiy maqsadi mamlakatning agrosanoat tizimi mavjud salohiyatidan samarali foydalanish, ichki imkoniyatlar asosida intensiv agrosanoat tizimini tashkil qilish hamda oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirishdan iborat.

Mazkur qarorga asosan, 2019–2021 yillarda:

– respublikaning 8 ta, ya'ni Andijon, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga 3 mln. tonna sig‘imga ega bo‘lgan yirik agrologistika komplekslari barpo etiladi;

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida sig‘imi 360 ming tonna bo‘lgan jami 37 ta zamonaviy agrologistika markazlari tashkil qilinadi;

– qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha jami 174 ta va oziq-ovqat sohasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha jami 24 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi;

– meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda mavjud samarasiz bog‘lar o‘rnida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 36 ming gektar intensiv bog‘lar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, “O‘zstandart” agentligining respublika hamda Namangan va Samarqand hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari huzuridagi sinov laboratoriyalarini to‘liq modernizatsiya qilish va yangi uskunalar bilan ta'minlash, oziq-ovqat sohasida 726 ta xalqaro standartlarni joriy qilish kabi chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qaror mavjud muammolarni hal etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda samarali intensiv texnologiyalarni joriy qilish va sohani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, quyidagi natijalarga erishishga xizmat qiladi:

- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini qayta ishlash va eksport qilish hajmlarini qariyb 2-2,5 barobarga oshirish;

- agrologistika markazlarini tashkil etish orqali qishloq xo‘jalik mahsulotlari saqlash quvvatlari 3,8 mln. tonnaga yetkaziladi;

- qo‘shimcha 118 ming tonna import o‘rnini bosuvchi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlari tashkil qilinadi;

- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash uchun yiliga

876 ming tonna quvvatga ega bo‘lgan yangi korxonalar ishga tushiriladi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 500 dan ortiq mutaxassislar, xususan sohaga aloqador vazirlik va idoralar, hududiy hokimliklar bilan bir qatorda, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom rivojlanish banki, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Yevropa ittifoqi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) singari xalqaro tashkilotlar va ishbilarmon doira vakillari, tadbirkorlik sub'yektlari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari ishtirok etishdi.

Seminar kun tartibiga ko‘ra, sohada kutilayotgan islohotlar to‘g‘risida qishloq xo‘jaligi vaziri, investitsiya mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha investitsiya va tashqi savdo vaziri hamda agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi bosh direktori, Xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, OTB) O‘zbekistondagi vakillari ma'ruzalari tinglandi.  

Shuningdek, seminar doirasida oziq-ovqat mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi texnikasi ko‘rgazmasi hamda ishlab chiqarish korxonalariga tashrif tashkil etildi.

Top