14:44 / 08.08.2019
7348

Hindiston hukumati Kashmirda 500dan ortiq kishini hibsga oldi

Foto: AP Photo/Channi Anand

Hindiston hukumati Jammu va Kashmir shtatida 500dan ortiq kishini, jumladan mahalliy partiyalar vakillarini hibsga oldi. Bu haqda All India Radio xabar berdi.

"Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari Kashmirda 500dan ortiq kishini hibsga oldi, ular orasida siyosiy yetakchilar va faollar bor. Aksariyat aholi xavfsizlik choralari kuchaytirilganligi bois uylarida qolmoqda", deyiladi xabarda.

7 avgust kuni Pokiston hukumati Hindiston elchisini mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi. Islomobod shu tarzda Hindiston bilan diplomatik munosabatlar darajasini pasaytirmoqchi va ikki tomonlama savdoni to‘xtatmoqchi.

Bunga 5 avgustda Hindiston Jammu va Kashmir shtatining alohida maqomini bekor qilishini e'lon qilgani sabab bo‘lgan. Hozirda ushbu shtatga ma'lum darajada muxtoriyat va o‘z qonunlarini qabul qilish huquqi berilgan. Shuningdek, shtat hududi ikki qismga ajratiladi. Bu shtatda endilikda Hindiston uchun umumiy konstitutsiya amal qilishi, investitsiyalarga va boshqa shtatlardan odamlar kelishiga cheklovlar bekor qilinishi kutilmoqda.

Jammu va Kashmir hududi deyarli Hindiston va Pokiston o‘rtasida bo‘lib olingan, vaholanki har bir tomon hudud ustidan to‘liq nazoratga da'vogarlik qiladi. Ushbu shtatda ikki tomon o‘rtasidagi muntazam to‘qnashuvlar sababli u yerdan o‘tuvchi shartli chegarada Hindiston va Pokistonning katta sondagi qo‘shinlari to‘plangan.

Mavzuga oid
Top