14:04 / 08.08.2019
6360

Jo‘natmalardagi psixotrop tabletkalar va narkotik moddalar o‘z vaqtida to‘xtatib qolindi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari xorijdan yuborilgan ayrim jo‘natmalarda psixotrop tabletkalar borligini aniqlashdi.

Xususan, fuqaro Sh.X. nomiga xorijdan yuborilgan pochta jo‘natmasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, tarkibida psixotrop moddasi mavjud bo‘lgan salkam 70 dona “Dexamol”, "Ambiem", "Lorivan" nomli dori vositalari borligi aniqlandi.

Shunga o‘xshash yana bir holatda fuqaro S.I. nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasida ham tarkibida psixotrop moddasi mavjud bo‘lgan 130 dona "Acamol” va " Xanagis " nomli dori vositalari borligi ma'lum bo‘ldi.

Fuqaro A.A. nomiga kelgan pochta jo‘natmasi ham tekshirilganida jami 670 dona tarkibida psixotrop moddalari bo‘lgan "Brotizolam Teva" va "Bondormin" nomli dori vositalari borligi fosh bo‘ldi.

uningdek, fuqaro K.Sh nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganida oq kristallardan tashkil topgan modda borligi aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olingan ushbu kristallar tarkibida 1,84 gramm giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni xalqaro pochta jo‘natmalari orqali jo‘natish taqiqlanganligiga qaramay, pochta jo‘natmalari orqali tarkibida psixotrop moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini hamda narkotik moddalarni jo‘natish holatlari hamon uchrayapti.

Top