22:37 / 08.08.2019
7537

"Ma'rifat" targ‘ibotchilar jamiyati rahbari jamiyatning shiorlari xalqchil emasligi haqidagi tanqidga javob qaytardi

Bugun, 8 avgust kuni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazida «Ma'rifat» targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan O‘zbekiston davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini samarali tashkil etish yuzasidan targ‘ibotchilar uchun o‘quv seminari o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Unda ma'ruzachilar tomonidan mustaqillik bayrami oldidan xududlarda aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazuvchi «Ma'rifat» targ‘ibotchilari jamiyati a'zolarining asosiy vazifalari nimalardan iborat ekanligi, targ‘ibotchi madaniyati, tashviqotning sir-asrorlari haqida ma'lumot berilgan.

Kun.uz muxbiri jamiyat rahbari Baxtiyor Husanovga targ‘ibot tadbirlarida ilgari surilayotgan shiorlar, g‘oyalarning ayrimlari har jihatdan eskirganligi, odamlar tushunmasligi, masalan, ko‘p hollarda mustaqillik xalqimizning azaliy orzusi bo‘lgani borasidagi gaplar qayta-qayta takrorlanishi, vaholanki, mustaqil bo‘lganimizga yigirma sakkiz yil to‘layotgani borasida savol bergan. 

Husanov savolga quyidagicha javob berdi:  

«Aslida bugungi yig‘inning maqsadi ham shu - bu yilgi targ‘ibot tadbirlarini yangicha tarzda o‘tkazish. Shaxsan mening oxirgi uch yildagi mustaqillik bayramlarini o‘tkazishdagi shiorlardan ko‘nglim to‘lyapti». 

Oxirgi uch yillikdagi targ‘ibot tadbirlarida foydalanilayotgan shiorlar o‘ziga ma'qul kelayotganini yana bir bora ta'kidlar ekan, «O‘ylaymanki, yaqin uch yillikdagi shiorlar xalqimizni birlashtirish, mafkuramizni to‘la ifodalash vazifasini to‘la bajaryapti. Mana shu g‘oyalar atrofida nafaqat biz targ‘ibotchilar, balki barcha OAV xodimlari ham birlashishimiz kerak!», dedi «Ma'rifat» targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Husanov.

Mavzuga oid
Top