22:35 / 08.08.2019
31244

O‘zbekiston uchun Qirg‘izistondagi tinchlik va barqarorlik muhim - Shavkat Mirziyoyev Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 avgust kunining oxirida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Muloqotda Qirg‘izistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash muhim ekani alohida qayd etildi. Qo‘shni mamlakatdagi vaziyat amaldagi qonunchilik doirasida tez orada barqarorlashishiga umid bildirildi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish masalalari bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish hamda Chegarada ishonch choralari to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq uning xavfsizligini mustahkamlash zarurligi ta'kidlandi.

Suhbat yakunida davlat rahbarlari keng ko‘lamli hamkorlikni yanada faol rivojlantirish, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash borasidagi intilishi qat'iy ekanini tasdiqladilar», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda keyingi kunlarda respublikaning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev bilan bog‘liq voqealar keskin tus oldi.

Kecha, 7 avgust kuni mamlakat maxsus kuchlari sobiq prezidentning uyiga bostirib kirib, uni qo‘lga olishga harakat qildi va maxsus kuchlar bilan Atamboyevning tarafdorlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv kelib chiqdi.

Bugun, 8 avgust kuni Atamboyevni qo‘lga olish uchun ikkinchi operatsiya amalga oshirildi va Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri, general-mayor Kashkar Junushaliyev rahbarlik qilgan bu amaliyot samarali yakunlandi.

Huquq-tartibot organlarining minglab xodimlari jalb qilingan amaliyot yakunida Atamboyev qo‘lga olindi va mashinada Bishkekka olib ketildi.

Atamboyev ayni vaqtda Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligining bosh tergov boshqarmasiga yetkazilgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Atamboyevning ming nafardan ortiq tarafdori u olib ketilganidan so‘ng Bishkekka yo‘l olgan.

Mavzuga oid
Top