13:34 / 09.08.2019
47822

Taksi bozorini o‘zgartiruvchi hujjat loyihasi e'lon qilindi

Foto: Andrey Maxonin/TASS

Toshkentda jamoat transporti tizimi talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani uchun ko‘pchilik ham qulay, ham narxi jihatdan maqbul bo‘lgani bois taksi xizmatidan foydalanadi. Taksilar va xizmat ko‘rsatuvchilar ham turlicha. Ba'zilarining ishini yoqlasangiz, ayrimlaridan norozi bo‘lasiz. Taksilar faoliyati ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lishi shundan desak xato bo‘lmas, deyiladi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, bugungi kunda shahrimizda 27 kompaniya taksi xizmati bilan shug‘ullanmoqda. Ularning ishidan mamnunlar qatori, bu xizmatni yanada yaxshilash bo‘yicha qator takliflarga egalar ham ko‘p.

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi keng muhokama qilinmoqda.

Qaror loyihasida taksilarning tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lishi kerakligi, ularni tanishtiruvchi belgilar hamda qanday qo‘shimcha axborotlar bilan ta'minlanishi lozimligi ko‘rsatilgan.

Hozirda taksi kompaniyalarida haydovchilarni internet orqali ishga olish amaliyoti bor. Kompaniyalarning axborot texnologiyalari yutuqlaridan foydalanishi, onlayn xizmatlar ko‘rsatishi yaxshi albatta. Muhokamadagi qaror loyihasida esa haydovchilarga aniq talablar qo‘yilgan. Xususan, taksi haydovchisi bo‘lishni istaganlar 21 yoshga to‘lgan, yengil turdagi avtotransport vositalarini boshqarish uchun “V” toifa ruxsatnomasiga ega, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va shu sohada kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lishi kerak.

Loyihada yo‘lovchilarga tashish xizmatini ko‘rsatishga qaratilgan soliqni ham qayta ko‘rib chiqish, xususan, buyurtmaning 4 foizini soliq sifatida to‘lash taklif etilgan. 

Taksi transportining kelajagiga befarq bo‘lmagan fuqarolar ushbu loyiha bilan tanishib chiqish va muhokama jarayonida faol ishtirok etishga taklif qilingan. Muhokama 16 avgustga qadar davom etadi. 

Top