13:42 / 12.08.2019
7422

Mahsulot eksportida tashish xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi tasdiqlandi 

Foto: Shutterstock

Hukumat qarori bilan Mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga kompensatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Nizomga ko‘ra, mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotni eksport qilishda temir yo‘l transportida tashish bo‘yicha xarajatlarining 50 foizigacha qismi davlat budjeti hisobidan qoplanishi tartibi belgilandi.

Eksportni rag‘batlantirish agentligi manfaatdor sub'yektlarga kompensatsiya taqdim etish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Shuningdek, manfaatdor sub'yektlar 2019 yil 1 maydan boshlab eksport qilgan mahsulotlari bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizigacha qismiga kompensatsiya olish uchun ariza topshirish huquqiga ega.

Hujjatlar to‘liq taqdim etilganda vakolatli organ tomonidan arizalar 7 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi.

Moliya vazirligi vakolatli organ buyurtmanomasiga asosan 3 ish kunida davlat budjetidan subsidiya mablag‘larini vakolatli organga, vakolatli organ esa ushbu mablag‘ni 3 ish kuni mobaynida manfaatdor sub'yektning bankdagi hisob raqamiga o‘tkazib beradi.

Kompensatsiya berilgan manfaatdor sub'yektlarning reyestri yuritib boriladi.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan manfaatdor sub'yektlarga kompensatsiya taqdim etish uchun:

manfaatdor sub'yekt O‘zbekistonda davlat ro‘yxatiga olingan;
mahsulotlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan;
mahsulotlar O‘zbekiston bilan chegaradosh bo‘lmagan mamlakatlarga eksport qilingan (tuxum mahsuloti bundan mustasno);
mahsulot belgilangan tartibda eksportga rasmiylashtirilgan;
mahsulot uchun kamida 30 foiz to‘lovlar tushgan yoki bank akkreditivi ochilgan;
eksport shartnomasida mahsulotni yetkazish xarajati manfaatdor sub'yekt zimmasiga yuklangan va ushbu xarajatlar uchun to‘lovlar ushbu sub'yekt tomonidan amalga oshirilgan bo‘lishi zarur.

Kompensatsiya olish uchun arizalarga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:

eksport yoki vositachilik shartnomasi;
bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi;
manfaatdor sub'yekt bilan temir yo‘l transportida yuklarni tashish bo‘yicha tuzilgan shartnoma nusxasi;
manfaatdor sub'yekt tomonidan temir yo‘l tashkilotiga to‘lovni amalga oshirganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
mahsulot eksport qilingan davlat bojxona organi va yukni qabul qilgan temir yo‘l stansiyasi belgisi qo‘yilgan yukxat nusxasi;
yuk yuborilgan stansiyadan yukni qabul qilib olgan so‘ngi stansiyagacha bo‘lgan masofa to‘g‘risidagi ma'lumot;
mahsulotlarning kelib chiqish sertifikati nusxasi.

Top