20:53 / 12.08.2019
17593

Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda investitsiya va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi

Bugun, 12 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini oshirish va ulardan samarali foydalanish, investitsiyalarni, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, mamlakatimizda faol investitsiya siyosati yuritilib, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar yo‘naltirilayotgani natijasida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Masalan, joriy yilning birinchi yarmida 85 trillion 775 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtirilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘pdir. Asosiy kapitalda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushi 2,5 barobarga oshib, 1,7 milliard dollarga yetgan. Davlat kafolati bo‘lmagan xorijiy kreditlar esa 3,7 barobar ko‘paygan. O‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarning qariyb 75 foizi hududiy loyihalarga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu ko‘rsatkichlar qayd etilar ekan, endi asosiy e'tiborni yilning qolgan davrida ko‘zda tutilgan investitsiyalarni to‘liq o‘zlashtirishga qaratish zarurligi ta'kidlandi. 

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish sust kechayotgan tarmoqlar rahbarlari mavjud holat sabablari va bu boradagi ishlarni jadallashtirish rejalari to‘g‘risida hisobot berdi. 

Vazirlar Mahkamasiga 2019 yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq, umumiy qiymati 4,2 milliard dollar bo‘lgan 145 ta loyiha bo‘yicha sanoat obektlarini muddatida ishga tushirish yuzasidan topshiriqlar berildi. “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid va azot kislotasi ishlab chiqarish, Muborak gazni qayta ishlash zavodida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni kengaytirish, To‘raqo‘rg‘on, Taxiatosh va Navoiy issiqlik elektr stansiyalarida yangi bug‘-gaz uskunalarini o‘rnatish, Toshkent metallurgiya zavodini qurish loyihalari shular jumlasidandir.

Tahlillarga ko‘ra, oxirgi o‘n yilda ishga tushirilgan qirqqa yaqin yirik korxona quvvatlaridan to‘liq foydalanilmayapti. 

Vazirlar Mahkamasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan korxona va obektlar faoliyatini tahlil qilib, kam quvvatda ishlayotganlarini loyiha parametrlariga olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Yig‘ilishda 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini shakllantirish masalasi ham muhokama qilindi. Ushbu dasturga, avvalo, oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan 650 ga yaqin kelishuvlarga muvofiq ishlab chiqilgan aniq loyihalarni, shuningdek, neft-gaz xomashyosini chuqur qayta ishlash, muqobil energetika, mashinasozlik, elektr texnikasi, qurilish materiallari, agrosanoat kabi yuqori texnologiyali tarmoqlardagi loyihalarni kiritish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Videoselektorda yana bir muhim soha – mahalliylashtirishni kengaytirish masalasi atroflicha tahlil qilindi. 

Mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish iqtisodiyot barqarorligining muhim omilidir. Shu bois mamlakatimizda mahalliylashtirishni rivojlantirish, korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga zarur sharoit yaratilmoqda. 

Lekin ayrim tarmoq hamda hududlarda mahalliylashtirish bo‘yicha ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgani tanqid qilindi. 

– Shuncha sharoit yaratyapmiz, texnologiyalar olib kelyapmiz. Joylardagi rahbarlar esa o‘zini qiynamay, mahalliylashtirish ustida ishlash o‘rniga osongina import qilishga o‘rgangan, – dedi Prezidentimiz.

Yurtimizda molibdenning 1,1 foizi, tabiiy gazning 12 foizi, ruxning 21 foizi, misning 25 foizi, meva-sabzavotlarning 20 foizi, ip-kalavaning 46 foizi qayta ishlanmoqda, xolos. Agar bu xomashyolar chuqur qayta ishlansa, qo‘shilgan qiymatni 5 baravargacha oshirish mumkinligi qayd etildi.

Vazirlar Mahkamasiga barcha tarmoq va hududlar korxonalarida mahalliylashtirilgan tovar ishlab chiqarish hajmini kelgusi ikki yilda kamida 20 foizga oshirish, import ulushi yuqori bo‘lgan tovarlarni mahalliylashtirish bo‘yicha dastur tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Hisob palatasi tarkibida mahalliylashtirishni kengaytirish masalalarini tahlil qiladigan bo‘linma tashkil etish zarurligi ta'kidlandi. 

Videoselektorda tarmoqlar hamda hududlar rahbarlarining hisobot va takliflari eshitildi.

Top