09:11 / 13.08.2019
4853

«Jamoatchilik» onlayn-platformasi: oraliq natijalar e'lon qilindi 

Foto: Yuksalish

“Yuksalish” umummilliy harakati ofisida “Jamoatchilik” onlayn-platformasi faoliyatining dastlabki natijalari sarhisobiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda 10 dan ziyod mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, kelib tushgan taklif mualliflari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Ma'lumki, joriy yilning 6 avgust kuni internet tarmog‘ida “Jamoatchilik” onlayn-platfomasi ishga tushirildi. 

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, platformaning maqsadi fuqarolar va keng jamoatchilikning amalga oshirilayotgan islohotlardagi ishtirokini oshirish, ularni davlat va jamiyat boshqaruviga faol jalb qilish, shuningdek davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash, ularning aholi oldida hisobdorligini yanada kuchaytirish hisoblanadi.

12 avgust holatiga ko‘ra platformaga kelib tushgan xabar va takliflar soni 500 ga yaqinlashdi va bu ko‘rsatkich hamon o‘sib bormoqda. 

“Biz yurtimizda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarga befarq bo‘lmagan va mamlakat taraqqiyotiga, barcha sohalardagi islohotlarni ilgari surishga intilayotgan fuqarolarga minnatdorlik bildirib, kelgusida ham shunday faol bo‘lishlariga umid bildiramiz. Shuningdek, OAV va blogerlarni ham kelib tushayotgan taklif va xabarlarni keng jamoatchilikka yetkazishda platforma faoliyatini ko‘llab-quvvatlashlarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi xabarda.

“Jamoatchilik” onlayn-platfomasiga turli sohalar bo‘yicha taklif va xabarlar yuborilmoqda. Xususan, ta'lim va sog‘liqni saqlash, moliya va kreditlash, energetika va kommunal xizmatlar, pasport tizimi va fuqarolikni rasmiylashtirish, majburiy mehnat va korrupsiyaga qarshi kurashish kabi ko‘plab sohalar bo‘yicha 420 dan ortiq o‘rinli va asosli takliflar kelib tushdi. Ularning aksariyati amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq.

Tadbir davomida platforma faoliyati tahlil qilinib, oraliq natijalar e'lon qilindi. Xususan, kelib tushgan takliflar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari o‘z fikrlarini bildirib, ularni hayotga tatbiq etish imkoniyatlari haqida so‘z yuritdilar. Ishtirokchilar tomonidan kelib tushgan fikrlarning deyarli barchasi konstruktiv va hayotga tatbiq etish mumkinligi ta'kidlandi.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra tomonlar portal faoliyatini yanada kengaytirish, vazirlik va idoralar to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolar takliflariga javob qaytarish orqali tezkorlik imkoniyatlarini yanada oshirishga kelishib oldilar.

Top