22:48 / 13.08.2019
81181

SSV tez tibbiy yordam shifokorlari bilan sodir bo‘lgan mushtlashuv holatiga izoh berdi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l chetida tez tibbiy yordam mashinasi shifokorlari bilan sodir bo‘lgan mushtlashuv videoyozuvi tarqaldi. Kun.uz Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bilan bog‘lanib, mazkur holat bo‘yicha izoh so‘radi.

Bo‘lim boshlig‘i Furqat Sanayev holatni o‘rgandi va biz bilan tez orada qayta bog‘landi. Uning ma'lum qilishicha, videolavhada aks etgan tez tibbiy yordam brigadasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga qarashli bo‘lmagan. Hozirgi paytda poytaxtdagi 12ta tez tibbiy yordam bo‘limlarida 179ta tez tibbiy yordam brigadasi shtat rejimida tun-u kun ishlab turibdi va sutkasiga o‘rtacha 3 mingta murojaat bo‘yicha xizmat ko‘rsatmoqda.

Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, videoyozuvdagi xodimlar va mashina xususiy tibbiy muassasaga tegishli tez tibbiy yordam brigadasiniki ekanligi ma'lum bo‘lgan. 

Furqat Sanayev Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z vakolati doirasida mazkur holatni o‘rganib, tegishli qat'iy choralarni ko‘rishi va bu haqda qo‘shimcha ma'lumotlar berilishini ma'lum qildi.

Top