«Rostov» rasmiy saytida o‘tkazilgan so‘rovnomaga asosan hujumchi Eldor Shomurodov jamoaning RPL 5-turidagi «Krilya Sovetov»ga qarshi o‘yindagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Dushanba kuni Rostovda 28 mingdan ortiq muxlis qarshisida o‘tgan o‘yinda (1:0) 24 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi g‘alaba goli muallifi bo‘lgan edi.
E'tiborlisi, jamoa muxlislari ortda qolgan 5ta turdan 4tasida Shomurodovni eng yaxshi futbolchi deb topishdi.
U bunga qadar «Orenburg» (2:1), «Arsenal Tula» (2:3) va «Ural» (2:2) bilan bahslarda ham rostovliklarning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, Eldor 5 o‘yinda 4ta gol bilan Rossiya chempionati to‘purarlari ro‘yxatini boshqarib turibdi. Artyom Dzyuba («Zenit») va Aleksandr Sobolev («Krilya Sovetov») hisobida ham 4tadan gol bor, ammo ularning bittadan goli – penalti mahsuli.
Turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda borayotgan «Rostov» 6-turda «Ufa» mehmoni bo‘ladi. O‘yin 18 avgustga belgilangan.