14:35 / 16.08.2019
3088

YeXHT byurosi odam savdosiga qarshi kurashishda O‘zbekistonga ko‘maklashishga tayyor

Foto: OSCE/Mikhail Evstafiev

2019 yil 30 iyul –  Umumjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Ingibyorg Solrun Gisladottir YeXHT huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakili Sh.Asadovga 2019 yil 6 avgustda yo‘llagan maktubida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti  Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon qabul qilinganini qo‘llab-quvvatladi. “Bu O‘zbekistonning odam savdosi bilan bog‘liq mudhish jinoyatga barham berishga sodiqligiga yorqin dalildir”, deb hujjatda aytilgan.

Mamlakat prezidenti farmoni huquqiy bazani amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yo‘li bilan mustahkamlashda muhim ahamiyatga egaligi ta'kidlab o‘tilmoqda.

“Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Milliy ma'ruzachi instituti tashkil etilgani, shuningdek qayta yo‘naltirish milliy mexanizmini ishlab chiqish va mustahkamlashga qaratilgan say'-harakatlar odam savdosidan jabrlanganlar samarali hamda doimiy aniqlab borilishi va himoyalanishini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Inson huquqlariga asoslangan ko‘p tomonlama va tarmoqlararo hamkorlik odam savdosiga qarshi kurashishda yaxshi usul sifatida xizmat qilishi mumkin va lozim”, deb maktubda qayd etilgan.

Shuningdek, DIIHB direktori O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining Milliy ma'ruzachi etib tayinlangani O‘zbekiston Respublikasining odam savdosiga qarshi kurashish muammosi ustuvorligini belgilashda muhim qadam ekanini ta'kidladi.

Maktub yakunida DIIHBning odam savdosiga qarshi kurashishda O‘zbekistonga bundan buyon ham yordam berishga tayyorligi tasdiqlanadi, deyilgan xabarda.

Mavzuga oid
Top