18:23 / 31.03.2022
17304

Hokimlik va vazirliklarga yil yakuniga qadar ortiqcha xarajatlar qilish taqiqlandi

Prezident hokimliklar va vazirliklarga avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilishdan o‘zini tiyishni buyurdi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, buning uchun hudud va tarmoq xarajatlarini 10 trillion so‘mga qisqartirish talab etiladi. Prezident yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga:

  • moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan qurilishlarni boshlash;
  • bino ta’mirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish kabi qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishni qat’iyan taqiqlagan.

Bosh prokuraturaga budjet tashkilotlarida ushbu xarajatlarning oldini olish ustidan tizimli nazorat o‘rnatish va viloyat kesimida har hafta prezidentga axborot berish topshirilgan.

«Bu – mablag‘lar olib qo‘yiladi, degani emas. Barcha iqtisod qilingan mablag‘lar ushbu hudud va tarmoqning rivojlantirish dasturiga yo‘naltiriladi», degan Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, hudud va tarmoqlar rahbarlariga 2022 yil 1 apreldan boshlab davlat dasturlaridan tashqari budjetdan ssuda berish va banklarga depozit qo‘yishni to‘xtatishga topshiriq berildi.

Har bir tarmoq va hudud rahbari bugundanoq aniq hisob-kitob qilib, uch kun muddatda o‘z rejalarini ishlab chiqishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Soliq va Bojxona qo‘mitalariga tushumlarni ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. 

Bundan tashqari, o‘tgan haftada 1,5 mingdan ziyod davlat mulkini savdoga chiqarish bo‘yicha imzolangan Prezident qarori ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar belgilab berildi.

Masalan, 2022 yil 1 mayga qadar 50 mingta (4,5 ming gektar) yer uchastkalarini savdoga chiqarish nazarda tutilgan. Biroq, Samarqandda hozirgi kungacha bor-yo‘g‘i 6 ta yer uchastkasi elektron savdolarga qo‘yilgan. Qolgan hududlarda esa bironta yer uchastkasi savdoga chiqarilmagan. 

Ikki hafta muddatda ushbu yerlarni to‘liq auksionga chiqarib, 1 iyulga qadar ularning kamida 50 foizi sotilishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Top