15:50 / 19.02.2019
15981

Xorazmdagi ko‘priklar – ahvolidan nam kipriklar. Aholi nega xavfli ko‘priklardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda?

Xorazm viloyati ariqlar, zaxkashlar va kanallarga boy hudud hisoblanadi. Bu yerda 3 mingdan ortiq katta va kichik ko‘priklar mavjud. Ularning aksariyati o‘tgan asrning 70-80 yillarida qurilgan.

Ko‘priklarning ekspluatatsiya davri o‘rtacha 50 yilni tashkil qilishini hisobga oladigan bo‘lsak, bugungi kunda ularning ko‘pchiligi jismoniy va ma'naviy jihatdan eskirdi, ta'mirtalab bo‘lib qoldi. Ba'zilari esa «yoshini yashab, oshini oshab» bo‘ldi, o‘pirildi, qulab tushdi, yaroqsiz holga kelib qoldi.

Ko‘prik bilan bog‘liq so‘nggi jiddiy texnogen avariya o‘tgan yilning 1 noyabr kuni yuz bergan, Urganch - Cholish yo‘lining 10 kilometridagi kanalga qurilgan ko‘prik juda eskirib ketgani sababli, yuk avtomobili og‘irligini ko‘tarolmay, qulab tushgan edi. Yaxshiyamki, bu avariyada jabrlanganlar bo‘lmagandi. Ammo  viloyatni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlar bilan bog‘lab turuvchi asosiy yo‘l ma'lum muddatga yopilib qolgandi.

2018 yil 1 noyabr kuni Urganch – Cholish yo‘lida qulab tushgan ko‘prik, hanuzgacha ta'mirlanmagan.
Yonida vaqtinchalik ko‘prik qurilgan.

Bu voqeadan keyin Xorazm viloyati bo‘yicha barcha ko‘priklarning holati tekshiruvdan o‘tkazilib, ularga baho berildi. Ko‘priklar oldiga yuk ko‘tarish qobiliyatini ko‘rsatuvchi «Vazn cheklangan» va «O‘qqa tushadigan og‘irlik cheklangan» belgilari o‘rnatildi.

«Vazn cheklangan» va «O‘qqa tushadigan og‘irlik cheklangan» belgisi

Ma'lumot o‘rnida, «Vazn cheklangan» belgisi – haqiqiy umumiy vazni belgida ko‘rsatilganidan ortiq bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.

«O‘qqa tushadigan og‘irlik cheklangan» belgisi - birorta o‘qiga tushadigan haqiqiy og‘irligi belgida ko‘rsatilganidan ortiq bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.

Misol uchun ikkita o‘qqa ega bo‘lgan yuk avtomobilining og‘irligi old qismiga 1/3 nisbatda, orqa qismiga 2/3 nisbatda taqsimlanadi. Uchta o‘qli avtomobillarning har bir o‘qiga 1/3 nisbatda taqsimlanadi. Agar o‘qqa tushadigan og‘irlik belgida ko‘rastilganidan yuqori bo‘lsa, haydovchi bu yo‘lni boshqa yo‘nalish orqali aylanib o‘tishi shart bo‘ladi.

Taraqqiyot bir joyda to‘xtab turmaydi, so‘nggi yillarda yo‘llarning serqatnovligi, avtomobillarning vazni va yuk ko‘tarish qobiliyati ancha oshdi. Bundan 30-40 yil oldin yuk avtomobillari vazni o‘rtacha 7-8 tonna atrofida bo‘lsa, hozirgi kunda vazni 20 tonnadan ziyod yirik transport vositalari paydo bo‘lgan. Natijada, bunday yuklamaga moslashmagan ko‘priklarning eskirish jarayoni ham tezlashdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, viloyatda davlat ahamiyatiga ega yo‘llardagi 60ga yaqin ko‘prik joriy ta'mirlashga muhtoj, ba'zilari esa mutlaqo qaytadan qurilishi kerak. Mahalliy ahamiyatga ega chekka yo‘llardagi bunday ko‘priklarning soni yanada ko‘pligini taxmin qilish mumkin.

Shu o‘rinda aholi murojaati asosida o‘rganilgan va xizmat safari davomida yo‘l-yo‘lakay duch kelgan ba'zi ko‘priklar haqida ma'lumot beramiz.

Urganch – Do‘rman qishlog‘i yo‘lidagi ko‘prik, bir necha yil oldin buzib tashlangan. Haligacha tuzatilmay, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Transport vositalari vaqtinchalik ko‘prik ustidan harakatlanmoqda.

Yangiariq – Xonqa yo‘lidagi Tagan zaxkashi ustiga qurilgan ko‘prik. Ta'mirtalab bo‘lib qolgan va qisman yopilgan.

Urganch – Yangiariq serqatnov yo‘lidagi Polvon kanali ustiga qurilgan katta ko‘prik. Ta'mirtalab holga kelib qolgan, qisman yopilgan.

Xonqa – Yangiariq yo‘lidagi ko‘prik, ta'mirtalab bo‘lib qolgan, o‘pirilib tushgan xavfli qismi to‘silgan.

Viloyatdagi ko‘priklarning ahvoli va ta'mirlanishi masalasi yuzasidan Xorazm viloyati avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Quvondiq Matyoqubovdan izoh oldik.

«Xorazm viloyatida 3 mingga yaqin ko‘prik bor. Shulardan 861tasi boshqarmamizga tegishli. Qolgan qismi tuman hokimliklari, melioratsiya korxonalari va boshqa idoralar balansida turibdi. Shu o‘rinda alohida ta'kidlamoqchimanki, boshqarmamiz faqat o‘z balansida turgan ko‘priklar uchun mas'ul hisoblanadi.

861ta ko‘prikning bittasi xalqaro ahamiyatga ega yo‘llarda, 373tasi davlat ahamiyatiga ega yo‘llarda, 487tasi mahalliy ahamiyatga ega yo‘llarda joylashgan. Shulardan 60ta ko‘prik ta'mirtalab bo‘lib qolganini aniqladik. Ularga maxsus to‘siqlarni, ogohlantiruvchi belgilarni o‘rnatganmiz.

Ko‘priklarni ta'mirlash Respublika budjeti va tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi. 2019 yilning 1 choragida 20ta ko‘prikni ta'mirlashni rejalashtirganmiz. Bunga Moliya vazirligi tomonidan 2,26 milliard so‘m ajratildi. Fevral oyi o‘rtasigacha 11tasi to‘liq ta'mirlandi», - dedi Matyoqubov.

Xorazm ko‘priklarining ta'mirlanishi viloyat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega. Yo‘llar iqtisodiyotning qon tomiri hisoblanadi, ko‘priklar – ularni bog‘lab turadigan vosita. Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgi paytda bitta katta ko‘prikni joriy ta'mirlash uchun o‘rtacha 50-100 million so‘m, uni qaytadan qurish uchun 2-3 milliard so‘m mablag‘ talab qilinadi, bu kam pul emas. Eskirish natijasida ta'mirtalab bo‘lib qolayotgan ko‘priklar soni esa kun sayin ortib bormoqda. Ularning ustidan harakatlanayotgan transport vositalarining xavfsizligi esa so‘roq ostida turibdi, demak bu holat aholining hayotiga ham xavf solmoqda.

Shuni e'tiborga olgan holda, davlat ahamiyatiga ega yo‘llardagi ko‘priklarni ta'mirlash – paysalga solib bo‘lmaydigan vazifa sifatida qaralishi kerak. Zero, serqatnov yo‘llardagi har qanday ko‘prikning ishdan chiqishi nafaqat aholi uchun noqulaylikni keltirib chiqaradi, balki iqtisodiyot uchun ham katta zarba bo‘ladi.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top