15:18 / 08.03.2021
10877

Aksilkorrupsiya agentligida tergov-surishtiruv vakolatlari yo‘qligiga izoh berildi

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgani sababli Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga tergov-surishtiruv vakolatlari berilmagan. Agentlik rahbari Akmal Burhonov «Amerika ovozi» muxbiri Navbahor Imomovaga bergan intervyusida shu haqda to‘xtalib o‘tgan.

«Yuridik jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, haqiqatan ham bizda tergov-surishtiruv vakolatlari yo‘q. Bu juda ko‘p beriladigan savollardan biri -  nega agentlikda hech qanday instrumentlar yo‘q, deyishadi.

Tasavvur qiling, agentlikda tergov funksiyasi bo‘lsa, uni nazorat qiluvchi prokuratura organlari bor. Yoki, tergov natijalarini biz oxir-oqibat sudga chiqaramiz. Ya'ni bu yerda muvozanat buziladi, kimlargadir tobe bo‘lib qolishimiz mumkin, manfaatlar to‘qnashuvi paydo bo‘ladi.

Shu sababli bu agentlik imkon qadar, maksimal darajada har qanday hokimiyat idoralaridan mustaqil faoliyat yuritadigan idora bo‘lsin, degan qarorga kelindi, shunga harakat qilindi. Buni biz yangidan o‘ylab topganimiz yo‘q. Bu Janubiy Koreya, Fransiya tajribasi hisoblanadi va boshqa ko‘plab rivojlangan davlatlarda [korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar] preventiv organ sifatida faoliyat yuritadi.

Bu narsa O‘zbekistonga ham, ya'ni korrupsiyaning oldini olishga xos. «Boshqa davlatlarda unday emas-ku, ularda tergov funksiyasi bor-ku», deb kimdir savol berishi mumkin. Lekin bizga yaqin bo‘lgan possovet davlatlarida ham bunday organlarga tergov-surishtiruv vakolatlari berilganda ham natija bermayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Ya'ni biz tergov idoralarini ham, surishtiruv idoralarining ham korrupsiyaga qarshi faoliyatini muvofiqlashtira olamiz va bizning so‘rovimizga ko‘ra har qanday surishtiruv-tergov idorasi zudlik bilan tergovoldi harakatlarni amalga oshirishi, agar korrupsion holat, jinoiy xatti-harakatlar aniqlansa, jinoyat ishi qo‘zg‘atishi kerak. Agentligimiz vakillari tergov va surishtiruv bilan bog‘liq barcha jarayonlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega. Bu prezident farmonida ko‘rsatib o‘tilgan va farmon asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasida ham o‘z aksini topgan», degan Akmal Burhonov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020 yil 29 iyunda bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgan, 14 iyul kuni Akmal Burhonov ushbu agentlik direktori etib tayinlangan edi. Agentlik O‘zbekiston prezidentiga bo‘ysunadi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari oldida hisobdordir. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori maqomi bo‘yicha vazirga tenglashtirilgan. Shavkat Mirziyoyev agentlik korrupsiyaga qarshi kurashda barcha kuch va vositalarga ega bo‘lishini ta'kidlagan.

Agentlikning asosiy vazifalaridan biri korrupsiya yuqori bo‘lgan sohalarni chuqur tahlil qilish hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hisoblanadi. Agentlik har yili ommaviy axborot vositalari orqali e'lon qilinishi lozim bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma'ruzani shakllantiradi hamda uni O‘zbekiston prezidenti va Oliy Majlis palatalariga kiritadi.

Top