10:45 / 14.09.2020
41437

Shveytsariya Gulnora Karimova hisob raqamidagi 131 mln dollarni O‘zbekistonga qaytarishga rozilik berdi

O‘zbekiston va Shveytsariya Gulnora Karimovadan musodara qilingan pul mablag‘larini qaytarish shartlari bo‘yicha kelishuvga erishdi. Mablag‘lar «xalq hayotini yaxshilashga sarflanishi», jarayon esa shaffoflik va hisobdorlik tamoyillari asosida tashkil etilishi talab qilinadi.

Foto: Tengrinews.kz

Shveytsariya hukumati 2012 yilda Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan hisob-raqamlardagi mablag‘lardan 131 million dollarga teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishga rozilik berdi. 

Shveytsariya hukumati bayonotida aytilishicha, O‘zbekiston qaytarilgan aktivlarni aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, barqaror rivojlanish loyihalariga sarflashi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ushbu mablag‘lar xarajati ustidan shaffof monitoring o‘rnatilishi lozim.

Gulnora Karimovaga taalluqli yana 715 mln dollarlik mablag‘lar muzlatib qo‘yilgan. Hozircha bu mablag‘lar Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy ish ketayotgani uchun ushlab turiladi. Ushbu mablag‘lar ham faqat yuqoridagi kabi shartlar asosidagina O‘zbekistonga qaytarilishi mumkin.

  • Gulnora Karimova 2015-2020 yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy jinoyatlar uchun uch marta sudlangan. 2020 yil martida unga 13 yilu 4 oy qamoq jazosi tayinlangan. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan.
  • 2020 yil mayida O‘zbekiston hukumati Fransiyadan 10 million AQSh dollari miqdoridagi aktivlarni qaytarib olgandi.  Bosh prokuratura Shveytsariya federal prokuraturasi bilan hamkorlikda ekspertlarni jalb qilgan holda Gulnora Karimovaning Jyeneva shahrida joylashgan villasida o‘tkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi san'at ashyolari (kartinalar, amaliy san'at va hunarmandchilik asarlari va hokazolar)ning O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ishlar olib borilayotganini bildirgandi. 
  • Iyun oyida esa Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 milliard AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveytsariya, AQSh, Fransiya, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikdagi ishlar davom etayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. 
Mavzuga oid
Top