21:51 / 03.12.2021
74479

Yangi ko‘rinishdagi 50 ming va 100 ming so‘mlik banknotlar chiqariladi

Yangi ko‘rinishdagi banknotlar chiqarilishi pullarda zamonaviy himoya elementlarini qo‘llash va banknotlar tematikasini uyg‘unlashtirish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu avgust oyida 5 ming va 10 ming so‘mlik banknotlarni yangilash bilan boshlangandi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda yangi ko‘rinishdagi 50 ming va 100 ming so‘mlik banknotlar chiqarilishi kutilmoqda. Bu ma'lumotni Kun.uz'ga Markaziy bank matbuot xizmati tasdiqladi.

Yangi ko‘rinishdagi pullar qachon chiqarilishi ma'lum emas.

“Chiqishga yaqin qolganda xabar beramiz. Batafsil ma'lumotlar e'lon qilinadi”, – dedi MB raisining matbuot kotibi Akmal Nazarov.

26 avgustdan boshlab O‘zbekistonda yangi ko‘rinishdagi 5 000 va 10 000 so‘mliklar muomalaga chiqarila boshlangandi.

O‘shanda yangi ko‘rinishdagi banknotlarni chiqarish pullarda zamonaviy himoya elementlarini qo‘llash bilan bog‘liq ekani aytilgandi.

“Bugungi kunda “Davlat belgisi” DUKda modernizatsiya ishlari amalga oshirilgani uchun banknotalarimizda zamonaviy himoya elementlarini qo‘llash va har xil formatlarda raqamlash hamda laklash imkoniyati yaratildi. Jahon amaliyotida har bir mamlakatda banknotlarning tasvirlari yagona mavzu atrofida mujassamlashgan bo‘lib, xuddi shu kabi bizning banknotlarimiz dizaynini ham yagona mavzu atrofida birlashtirish maqsad qilingan. Bu mavzu Buyuk ipak yo‘li va mamlakatimizning qadimiy tarixiga qaratilgan. Jumladan, joriy yilning iyun oyidan muomalaga chiqarilgan 2 000 va 20 000 so‘mlik banknotlar va chiqishi rejalashtirilayotgan 5 000 va 10 000 so‘mlik banknotlar mavzusi Buyuk ipak yo‘li mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan”, – degandi o‘shanda Markaziy bank mas'uli Zafar Asadov.

Bundan ko‘rinadiki, yangilanishi kutilayotgan 50 va 100 ming so‘mlik banknotlarni chiqarishdan maqsad – kupyuralarni yagona mavzu atrofida birlashtirish va zamonaviy himoya elementlarini qo‘llash bo‘lishi mumkin.

Top