12:57 / 09.11.2022
17465

Financial Times: O‘zbekiston YeIdan Alisher Usmonovga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ramoqda

O‘zbekiston tomoni Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalar milliarderning O‘zbekistonga sarmoya kiritishiga to‘sqinlik qilayotganini aytmoqda. OAV ma’lumotiga ko‘ra, agar Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni olib tashlashni rad etsa, O‘zbekiston Usmonovga huquqiy yordam berishga tayyorligini bildirgan.

© Alexei Druzhinin/Sputnik/Kremlin Pool Photo/AP

Financial Times nashri O‘zbekiston Yevropa Ittifoqini Alisher Usmonov va uning singlisiga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish uchun lobbi qilayotgani haqida yozmoqda.

«Usmonov fevral oyida Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng Yevropa Ittifoqi sanksiyasiga uchragan 26 nafar rossiyalikdan biri bo‘ldi. Ittifoq uni Rossiya prezidentining «sevimli oligarxlaridan» biri deb atagan. Uning singlisi Gulbahor Ismoilova ham Usmonovning 600 million dollarlik «Dilbar» yaxtasi kabi ayrim mol-mulklarining qonuniy egasi bo‘lganligi sababli sanksiyaga tushgan», – deb yozdi nashr.

O‘zaro muhokamalardan xabardor bo‘lgan ikki manbaning aytishicha, O‘zbekiston rasmiylari Yevropa Ittifoqi bilan so‘nggi uchrashuvlarda sanksiyalar yuzasidan xavotirlarini bildirgan. Agar Yevropa Ittifoqi cheklovlarni olib tashlash talablarini rad etsa, O‘zbekiston Usmonovga huquqiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini aytgan.

«Toshkent milliarderga qarshi sanksiyalar, jumladan aktivlarini muzlatish va sayohatni taqiqlash Usmonov tug‘ilib o‘sgan O‘zbekistonga sarmoya kiritish imkoniyatini cheklayotganini ta’kidlamoqda», – deb yozdi nashr.

Putin bosqinidan oldin uning 20 mlrd dollarga yaqin boyligi bo‘lgan.

Usmonovning matbuot kotibi «Biz O‘zbekiston hukumatining xatti-harakatlarini izohlay olmaymiz, ammo sanksiyalar haqiqatan ham sarmoyaviy va xayriya loyihalariga to‘sqinlik qilmoqda», deya javob bergan nashr so‘roviga.

Yevropa Ittifoqining Usmonovga sanksiyalari

USM holding asoschisi, kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan rus milliarderi Alisher Usmonov Putin bosqinidan so‘ng Yevropa Ittifoqining «qora ro‘yxat»idan joy oldi.

Yevropa Ittifoqi Usmonovni moliyaviy oqimlarni saqlash ishonib topshirilgan rossiyalik ishbilarmon-mansabdor shaxslar orasida Putinning «eng sevimli oligarxi» deb ta’riflagan. Bu «mavqe»ni kim egallashi Putinning xohish-istaklariga bog‘liq. Usmonov biznes muammolarini hal qilishda Putindan yordam olib kelishda gumonlanadi.

Usmonov temir rudasi va po‘lat ishlab chiqarish, ommaviy axborot vositalari va internet kompaniyalarida ulushlarga ega. Eng katta holdingi – po‘lat giganti «Metalloinvest».

Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder oxirgi yillarda O‘zbekistonda qator loyihalarga homiylik qilmoqda. Shuningdek, unga tegishli kompaniyalar so‘nggi vaqtlarda «Kapitalbank» va «Ohangaronsement» aksiyadoriga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Germaniya Usmonovning yaxtasini xatlovga oldi. Milliarder «Dilbar»ni 2016 yilda Lurssen kemasozlik kompaniyasidan 600 mln dollarga sotib olgan.

May oyida Alisher Usmonov Yevropa kengashini sudga bergan edi. Usmonov Yevrokengashning unga nisbatan cheklov choralari kiritish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishni va sud hukmiga qadar cheklov choralari ijrosini to‘xtatib turishni talab qilgandi.

Mavzuga oid
Top