15:00 / 09.10.2018
56838

O‘zbekistondagi birinchi AES To‘dako‘l yaqinida quriladi

O‘zbekiston va Rossiya hamkorligidagi atom elektr stansiyasi (AES) Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasida joylashgan To‘dako‘l suv ombori yaqinida quriladi. Bu haqda «Kun.uz» muxbiri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadroviy fizika instituti direktori o‘rinbosari Ilhom Sodiqovga asoslanib xabar berdi.

Foto: Ilhom Sodiqov

Uning aytishicha, avvaliga AES uchun O‘zbekiston bo‘ylab 70ta maydon, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan tashqari Farg‘ona vodiysi hamda Surxondaryo viloyatidagi nuqtalar o‘rganilgan, shu yilning martida 10ta hudud tanlab olingan. Yakunda saralangan variantlar orasidan To‘dako‘l ko‘li variantida to‘xtalingan.

Ilhom Sodiqov To‘dako‘lni AES qurilishi uchun zarur resurslar yetkazib berilishiga eng qulay, xavfsizlik jihatidan eng ma'qul joy sifatida ta'riflagan.

 Navoiy viloyati hududidagi To‘dako‘l suv ombori Buxoro shahridan 26 km sharqdagi tabiiy soylikda, Quyimozor suv omborining janubi-g‘arbida barpo etilgan, 1968 yilda ishga tushirilgan

Suv ombori 1977 yilda rekonstruksiya qilingan. To‘liq hajmi 800 mln. m³. Suv yuzasining maydoni 17,5 km², o‘rtacha chuqurligi - 4,8 m. To‘g‘oni balandligi 4 m, maksimal suv chiqarish imkoniyati 46,0 m³/sek. O‘rtacho‘l kanali orqali Zarafshon daryosining ortiqcha suvlarini jamg‘aradi, Amu-Buxoro mashina kanali orqali Amudaryodan to‘ldiriladi. Kanalning etak qismidagi yerlarni qo‘shimcha suv bilan ta'minlaydi. Tutashtiruvchi kanal orqali Quyimozor suv omboriga suv beradi. To‘dako‘l suv ombori suvi qisman minerallashgan, suv omborida baliqchilik xo‘jaligi bor.

To‘dako‘l ko‘li va Quyimozor suv ombori hududida hozirda 34 xil o‘simlik o‘sadi va ulardan 8 turi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan, 12 turi esa Markaziy Osiyo endemikasi sanaladi.

O‘zbekiston va Rossiya atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni 2017 yil dekabrida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolanganidan keyin boshlagan edi.

Hozirda O‘zbekiston hukumati, «Rosatom» korporatsiyasi va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) atom elektrostansiyasini loyihalashtirish, qurish va undan foydalanish bo‘yicha kelishuv ustida ish olib bormoqda.

«Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov may oyi oxirida Toshkentga kelganida O‘zbekistondagi birinchi AES Navoiy viloyatida qurilishi mumkinligini aytgandi. O‘shanda bu AES katta ehtimol bilan asosiy qismi Navoiyda joylashgan Aydarko‘l ko‘li yaqinida qurilishi aytilgandi.

«Rosatom» O‘zbekistonda «3+» VVER-1200  zamonaviy avlod stansiyalarini qurishni taklif qilgan. Mazkur kompleks 2ta energoblokdan iborat, har birining quvvati 1 ming 200 megavatt bo‘ladi. Atom elektr stansiyasi uchun dunyodagi eng xavfsiz va zamonaviy egergoblok tanlab olingan. Uni 2028 yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan. Rossiyaliklarning Bangladeshdagi xuddi shunday stansiyani qurish loyihasi taxminan 13 mlrd. AQSh dollarini tashkil qilgan. O‘zbekistondagi loyiha qiymati 10 milliard dollar atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Sentyabr oyida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifi davomida ushbu mamlakat O‘zbekistondagi birinchi AES qurilishida yordam ko‘rsatishini ma'lum qilgandi.

Joriy yilning iyulida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzolagandi. Farmonga ko‘ra «O‘zatom» agentligi tashkil etilgan.

Mavzu
O‘zbekistonda birinchi AES qurilishi
O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda birinchi Atom elekt stansiyasi qurilishi bo‘yicha harakatlar boshlandi
Barchasi
Top