20:50 / 02.04.2019
173133

Gulnora Karimovaning advokati u hozir qayerdaligini ma'lum qildi

Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati, Jyenevadagi Mangeat Attorneys at Law advokatlik idorasi egasi va rahbari Greguar Manja mijozi ayni damda qayerdaligini ma'lum qildi.

U 1 aprel kuni tvitterdagi sahifasida Toshkent viloyati Zangiota tumani hududidagi 21-jazoni o‘tash koloniyasiga borgani haqida xabar qoldirgan.

«Hozirgina Zangiotadagi 21-raqamli ayollar koloniyasiga keldim. Mijozim bilan uchrashishga harakat qilaman», degan u.

«Zangiotadagi 21-raqamli ayollar koloniyasidagi ikkinchi kunim», - deya yozgan u 2 aprel kuni.

2017 yilning yozida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha ma'lumot bergan, unga ko‘ra Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, ya'ni birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgani va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani ma'lum bo‘lgandi.

Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma'lum qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Karimova jinoiy sheriklari yordamida 12ta xorijiy mamlakatda 1,3 milliard AQSh dollar, 63,5 million yevro, 27,1 million funt va 18,5 million frank miqdorida aktivlarni qonuniylashtirgan.

Shveytsariya 2012 yili Jyeneva va Tsyurixdagi banklarda Gulnora Karimovaga qarashli ekani gumonlanaëtgan 800 million frankni muzlatib qo‘ygan. Shveytsariya prokuraturasi bu pulning 686,7 millionini musodara qilish va O‘zbekistonga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqargan. 

O‘zbekistonning yangi hukumati insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganini e'tiborga olgan holda Gulnora Karimovaga imkon beradi va jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtiriladi.

Ammo shu yilning mart oyi boshida Gulnora Karimova  O‘zbekistonga yetkazilgan zararni qoplashga faol qarshilik qilgani, shuningdek turar-joyni tark etmaslik, aloqa va internet vositalaridan foydalanmaslik kabi cheklovlarni ham qo‘pollik bilan buzgani uchun uy qamog‘idan umumiy rejimdagi koloniyaga o‘tkazildi.

Greguar Manja mijozi Gulnora Karimova bilan muqaddam ikki marta — 2016 yil dekabri va 2018 yili aprelida uchrashgan. U 2018 yilning yozida Karimova va uning saqlanish sharoiti haqida ba'zi tafsilotlarni ma'lum qilgan, unga ko‘ra, apreldagi uchrashuvi davomida mijozining kayfiyati o‘zgaruvchan bo‘lib qolgani, shuningdek, uning toliqqani sezilgani, qabul qilgan dorilari ta'sirida suhbat davomida diqqatini jamlay olmagani haqida yozgandi.

Top