10:31 / 09.02.2023
25189

Nukus voqealari bo‘yicha huquq-tartibot idoralarining 3 nafar xodimi qamoqqa olindi

Huquq-tartibot idoralarining 3 nafar xodimi iyul oyida Nukusda sodir bo‘lgan voqealar chog‘ida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etganlikda ayblandi.

1−2 iyul kunlari sodir bo‘lgan Nukus voqealari bo‘yicha 3 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tergov doirasida ularga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Natijasi bo‘yicha jinoyat ishlarining sudga yuborilishi ta’minlanadi.

Iyul oyidagi tartibsizliklardan keyin Nukusga borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi voqealarning barcha ishtirokchilarining xatti-harakatlariga adolatli huquqiy baho berilishi bo‘yicha topshiriq bergan, agar kuch tuzilmalari tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, ular ham jinoiy javobgarlikka tortilishi aytilgandi.

  • 2023 yil 31 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonda sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan ayblangan 22 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
  • 6 fevral kuni Buxoro viloyat sudi binosida Nukus voqealarida ayblanayotgan 39 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Prokuratura ularga ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, separatistik g‘oyalarni tarqatish, huquq-tartibot idoralari xodimlariga hujum qilish, avtomashinalarga o‘t qo‘yish va yo‘llarni to‘sib qo‘yish kabi ayblovlarni o‘qib eshittirdi.
Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Top