21:11 / 26.05.2021
9983

Intizomiy jazoga tortilgan sudyalarning shaxsi nega sir tutilmoqda? Sudyalar oliy kengashining javobi asosli emas

22 may kuni Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy malaka hay'atining qo‘shma majlisida olti nafar sudyani intizomiy javobgarlikka tortish masalasi ham ko‘rib chiqilib, ulardan to‘rt nafariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llashga rozilik bildirilgan. Biroq Sudyalar oliy kengashi javobgarlikka tortilgan sudyalarning shaxsini sir tutmoqda.

4 nafar sudya qaysi qilmishi uchun jazolandi?

Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, 22 may kuni bo‘lib o‘tgan Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy malaka hay'atining qo‘shma majlisida to‘rt nafar sudyani vakolati muddati davriga qayta tayinlash haqida qaror qabul qilindi. Xususan, Davlatmirza Komilov va Mahamatibrohim To‘lanov Namangan viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari, To‘lqin To‘raqulov Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi, Azizaxon Najmiddinova Andijon viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi etib tayinlangan.

Bundan tashqari, o‘n yil muddatga sudyalikka tayinlangan Jo‘rabek Xudoynazarov navbatdagi besh yil davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudining raisi sifatida faoliyatini davom ettirishi ma'lum qilingan.

Yig‘ilishda olti nafar sudyani intizomiy javobgarlikka tortish masalasi ham ko‘rib chiqilib, muhokamalar yakuni bo‘yicha to‘rt nafar sudyaning intizomiy javobgarlikka tortilishiga rozilik berilgan bo‘lsa, yana ikki nafariga intizomiy jazo tayinlash rad etilgan. Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda intizomiy jazo choralari kengash roziligidan so‘ng tegishli malaka hay'atlari tomonidan qo‘llanishi eslatiladi.

Biroq intizomiy javobgarlikka tortilgan sudyalarning na lavozimi va na shaxsiga oid ma'lumotlar keltirilgan. Shuningdek, bayonotda ular qaysi qonunga zid xatti-harakatlari uchun intizomiy jazoga loyiq ko‘rilganiga ham, intizomiy jazo olgan sudyalarni kutayotgan huquqiy oqibatlar haqida ham lom-mim deyilmaydi.

«Shaxslarning ochiqlanishi sudyalarga qo‘shimcha bosim bo‘ladi»

Kun.uz muxbiri intizomiy javobgarlikka tortilgan sudyalarning shaxsi va ushbuga loyiq ko‘rilgan qilmishiga doir savollar bilan Sudyalar oliy kengashi raisining matbuot kotibi Tursunali Akbarovga murojaat qildi. U tahririyatning savollariga javoban bu ma'lumotlarni ochiqlash maqsadga muvofiq emasligini ta'kidladi.

«Intizomiy javobgarlikka tortilgan sudyalarning shaxsini ochiqlamaslik maqsadga muvofiq. Chunki, ular faoliyatini davom ettiradi-da, shaxsi ochiqlanishi jamoatchilik tomonidan ularga qo‘shimcha bosim paydo qilish ehtimolini oshiradi. Bu hol ish sifatiga ta'sir qilishi aniq. Sudyaning ishi esa inson taqdiri bilan bog‘liq. Qolaversa, sudyada daxlsizlik huquqi ham bor.

Odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonunchilikni buzgani va sud ishini tashkillashtirishda beparvoligi uchun intizomiy jazoga loyiq topilganlarning ikki nafari fuqarolik, bir nafari iqtisodiy, yana bir nafari jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar hisoblanadi», – deydi Tursunali Akbarov.

Qanday holatlar sudyalar daxlsizligini buzish deb baholanadi?

«Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 67-moddasiga ko‘ra, sudyalarning daxlsizligini ta'minlash ular mustaqilligini ta'minlashning muhim shartlaridan biri ekani keltirilgan. Xo‘sh, qanday holatlarda sudyalar daxlsizligi buziladi?

Qonunning 70-moddasiga ko‘ra, sudyaning shaxsi daxlsiz ekani, daxlsizlik uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqliligi keltiriladi.

Biroq qonunda intizomiy javobgarlikka tortilgan sudyaning shaxsi va qilmishini ochiqlash uning daxlsizligini buzish hisoblanishi haqida hech qanday norma mavjud emas.

Ochiqlik nimasi bilan muhim?

2020 yil 7 dekabr kuni imzolangan «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta'minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonida sud organlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlarining sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishning muhim sharti ekani ta'kidlab o‘tilgan.

Ya'ni jismoniy va yuridik shaxslar o‘z hududida faoliyat yuritayotgan sudyalarga ishonishi uchun ularning faoliyatidagi oq va qora dog‘larni yaxshi bilishi kerak. Shunga qarab u sudga ishi tushganda qaysidir sudyaning unga oid ishni ko‘rishini rad etish, qaysidir sudyaning u manfaatdor ish bo‘yicha sud jarayoniga raislik qilishini talab qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa axborotni yashirish emas, balki ochiqlik, oshkoralik orqali amalga oshiriladi.

«O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasida ham ochiqlik kengash faoliyatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida sanab o‘tilgan. Biror hujjatda intizomiy yoki boshqa turdagi javobgarlikka tortilgan sudyalarning shaxsi va qilmishini ochiqlashga nisbatan hech qanday tabu belgilanmagan.

Intizomiy jazo olayotgan hukumat a'zolari, respublika darajasidagi idoralarning rahbar-xodimlari mahalliy davlat hokimiyati organlari mas'ul xodimlarining shaxsi ochiqlanishi jamoatchilik tomonidan ularga qo‘shimcha bosim yuklamaydimi? Axir ular ham faoliyatini davom ettirishmoqda, ular ham jamoatchilik bilan birga ishlashadi. Xullas, parodoks.

Sudyalar oliy kengashi avvalroq 11 nafar sudya intizomiy jazoga tortilishi haqida xabar bergan, biroq o‘shanda ham ularning shaxsi va qilmishi jamoatchilikka oshkor qilinmagan edi.

Bundan tashqari, 2020 yilda korrupsiyada bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha sudlangan uch nafar sudyaning ham kimligi haligacha jamoatchilikka ma'lum emas.

Bizningcha, ochiqlik borasidagi talablar barchaga barobar bo‘lishi, fuqarolar ularning taqdirini kimlar hal qilayotganini bilishga haqli. Shu sababli, Sudyalar oliy kengashi 2021 yil davomida intizomiy jazoga tortilgan sudyalarning shaxsini ochiqlashini so‘rab qolamiz.

Jamshid Niyozov

Top