07:34 / 04.05.2018
12382

Shavkat Mirziyoyev charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalariga oid qarorni imzoladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e'lon qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, charm-poyabzal sohasini boshqarishning shakllangan tizimi ushbu sohada respublikamizning mavjud zaxiralari va salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini ta'minlash imkonini bermayapti.

Yirik va mayda shoxli mollar terisini, shuningdek, mo‘yna xom ashyosi va junni tayyorlashning bozor mexanizmlari hamda ularni saqlashning zamonaviy texnologiyalari sekinlik bilan joriy etilmoqda. Teri xom ashyosini qayta ishlash darajasi past bo‘lib qolmoqda, tarmoq mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishda yarim tayyor charm mahsulotlar ulushi yuqori bo‘lib qilmoqda. Charm-poyabzal tovarlarining bir qator yo‘nalishlari, jumladan, ayollarning model poyabzali va charm kiyimlari, zamonaviy charm buyumlar va aksessuarlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga e'tibor qaratilmayapti.

Soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, ularni ishlab chiqarishning zamonaviy uslublari va innovatsion yondashuvlariga o‘qitish, ishlab chiqarishda yuqori sifatga erishish uchun xorijiy mutaxassislarni, jumladan, texnolog va dizaynerlarni jalb etish ishlari sust tashkil qilingan.

Hujjatga ko‘ra, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi a'zolarining jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda so‘yish, jun va qorako‘ldan buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ishtirokidagi umumiy yig‘ilishi qaroriga muvofiq:

a) “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi uning tarkibiga charm, mo‘yna xom ashyosi va jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda so‘yish, jun, qorako‘l va sun'iy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, shuningdek, boshqa tashkilotlar ixtiyoriy ravishda kirgan holda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi (keyingi o‘rinlarda Uyushma deb yuritiladi) etib qayta tashkil etildi;

b) Uyushma “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;

v) quyidagilar Uyushma faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilandi:

Uyushma a'zolari – tashkilotlarning xo‘jalik faoliyatiga chorva mollarini so‘yish va teri tayyorlashdan xom ashyoni chuqur qayta ishlash hamda charm-poyabzal, charm-attorlik, mo‘yna, qorako‘l va jundan ishlangan tayyor mahsulot va buyumlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonning barcha bosqichlarida ko‘maklashish;

korxonalarda ilg‘or texnologiyalarni, xalqaro standartlar talablariga muvofiq sifat menejmenti tizimini tatbiq etishni rag‘batlantirish, Uyushma a'zolari – tashkilotlarni modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlashga har tomonlama ko‘maklashish;

talabi yuqori bo‘lgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish, ichki bozorni mahalliy ishlab chiqarilgan import o‘rnini bosuvchi va raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

ichki va tarmoqlararo kooperatsiyani, jumladan, charm, mo‘yna xom ashyosi va junni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, shuningdek, chorvachilik xo‘jaliklari, furnitura va butlovchi buyumlar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish;

charm-poyabzal, mo‘yna, qorako‘l mahsulotlari hamda jundan ishlangan buyumlar segmentlarida ichki va tashqi bozorlarning marketing tadqiqotlarini tizimli ravishda olib borish, tarmoqlarning eksport salohiyatini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash, modellashtirish va brendlash bo‘yicha eng yangi innovatsion ishlanmalardan foydalangan holda xom ashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishning zamonaviy uslublarini, shuningdek, ilg‘or axborot texnologiyalari va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini keng joriy etish;

malakali kadrlar tayyorlash va tarmoqning ilmiy salohiyatini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarishni xom ashyo va materiallarning ekologik toza turlaridan foydalangan holda tashkil etish maqsadida ishlab chiqarish, ta'lim va fanning o‘zaro integratsiyasi uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish;

Uyushma a'zolari – tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazish jarayonida, shuningdek, sudlarda ishlarni ko‘rishda himoya qilish.

Belgilanishicha, Uyushma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi tarkibiga kiradi. 

2018 yil 1 iyundan yirik va mayda shoxli mollar, teri, mo‘yna, qorako‘l xom ashyosi va junni yuridik shaxslarga sotishda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash uchun o‘zi ishlab chiqargan mahsulotning kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish bo‘yicha talab bekor qilinadi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2018 yil 1 avgustdan:

O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali charmni (TIF TN bo‘yicha 4104-4107, 4112 00 000 0 – 4114 kodlari) olib chiqishga ruxsatnoma berish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasi va Uyushma bilan kelishilgan holda narx ekspertizasi va laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazgan holda amalga oshiriladi;

charmni laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi tomonidan akkreditatsiya qilingan organlar tomonidan amalga oshiriladi;

O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali yarim tayyor charmni (TIF TN bo‘yicha 4104, 4105, 41062 kodlari) olib chiqishga ruxsatnoma berish uchun eksport qilinadigan mahsulot qiymatining 5 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

Uyushma O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga narx ekspertizasi va laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazishni nazarda tutgan holda Charmni olib chiqishga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini kiritadi.

Uyushma, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining “O‘zcharmsanoat” uyushmasining charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etish va quyidagilarni uning asosiy manbalari etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi:

O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali yarim tayyor charmni (TIF TN bo‘yicha 4104, 4105, 41062 kodlari) olib chiqishga ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yig‘imdan tushadigan barcha mablag‘lar;

Uyushma a'zolari – tashkilotlarning, shuningdek, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy ajratmalari;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va kreditlari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan daromadlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilab qo‘yilishicha, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilar uchun foydalaniladi:

yarim tayyor charmdan – tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish sikliga ixtisoslashadigan tashkilotlarni keyinchalik qaytarish sharti bilan mablag‘ ajratish orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;

tijorat banklarining charm-poyabzal, charm-attorlik, mo‘yna, qorako‘l mahsulotlari va jundan ishlangan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, faoliyat yuritayotgan korxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish uchun ajratiladigan kreditlari bo‘yicha kafilliklar berish;

korxonalarda ISO:9001 sifat menejmenti tizimini va boshqa xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish;

kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, mutaxassislar malakasini oshirish, jumladan, yosh mutaxassislarning xorijda o‘qishi va stajirovka o‘tashi bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;

Uyushma a'zolari – tashkilotlarning xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishdagi xarajatlarini qoplash; 

Uyushmaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, Uyushma ijro etuvchi apparati xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, Uyushmaning xorijiy vakolatxonalarini saqlash va xorijiy maslahatchilar xarajatlarini qoplash;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa maqsadlar.

Uyushma a'zolari – tashkilotlarga 2023 yil 1 yanvarga qadar muddatda quyidagi ko‘rinishdagi soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar berildi:

foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi, shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etish;

belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan, Uyushma a'zolari – tashkilotlar tomonidan o‘z ishlab chiqarishida foydalaniladigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, materiallar va furnitura uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etish; 

yuqoridagi tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga kiritilmagan, o‘z ishlab chiqarishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, xom ashyo, materiallar va furnituralarni import qilishda bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lashni 60 kunga qadar muddatga kechiktirish.

Belgilab qo‘yilishicha, soliq imtiyozlari va preferensiyalar faqat quyidagilarga nisbatan qo‘llaniladi:

zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualar bilan jihozlangan chorva mollarini so‘yish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga;

charm, mo‘yna, qorako‘l xom ashyosi va junni yig‘ish va tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga, keyinchalik ushbu xom ashyo qayta ishlash (ishlatish) uchun faqat Uyushmaga a'zolari – tashkilotlarga sotilganida hamda yalpi tushumning umumiy hajmida ushbu turdagi faoliyatdan tushgan tushumning ulushi hisobot davri natijalari bo‘yicha kamida 80 foizni tashkil qilganda;

charm, mo‘yna, qorako‘l xom ashyosi va junni qayta ishlash, shuningdek, butlovchi buyumlar, furnitura, sun'iy charm, charm-poyabzal, charm-attorlik, mo‘ynachilik, qorako‘l mahsulotlari va jundan ishlangan mahsulotlarni ishlab chiqarishni amalga oshiradigan tashkilotlarga, agar yalpi tushumning umumiy hajmida ushbu turdagi faoliyatdan tushgan tushumning ulushi hisobot davri natijalari bo‘yicha kamida 60 foizni tashkil qilsa.

Mavzuga oid
Top