11:36 / 01.05.2021
7137

Qashqadaryolik kaltaklangan muallimaning salomatligi to‘g‘risida ma'lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Kasbi tumanidagi 50-maktab o‘qituvchisining kaltaklangani, ayni paytda homilasini yo‘qotish xavfi borligi haqida xabar berilgan.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ravshan To‘lakov Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limida davolanayotgan muallimani borib ko‘rgan va salomatligini o‘z nazoratiga olgan. Bu haqida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Xabarda yozilishicha, bemor 30 haftalik homilaning muddatidan oldin tushish xavfi bilan tuman tug‘ruqxonasiga shu yil 29 aprel kuni soat 20:30da keltirilgan. Travmatolog ko‘rigidan so‘ng uning chap yelka yuqori uchligida terida 3x4, chap boldir yuqori uchligida esa 6x4 santimetrlik ko‘karishlar qayd etilgan.

Shuningdek, viloyat perinatal markazidan kelgan malakali mutaxassislar tomonidan bemor  ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur muolajalar olib borilgan.

Dori-darmonlar bilan ta'minlash, tibbiy ekspertizadan o‘tkazish choralari ham belgilangan. Axborot xizmatining yozishicha, ayni paytda bemorning ahvoli qoniqarli.

Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmati ushbu holat yuzasidan hozircha munosabat bildirmadi.

Mavzuga oid
Top