13:30 / 17.11.2018
85787

Madhiyani mazax qilgan va o‘qituvchini do‘pposlagan 14 o‘quvchi ishi. Maxsus komissiya ularga chora ko‘rdi

Foto: Xalq so‘zi onlayn

27 oktabr kuni Toshkent shahridagi 236-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabda 11-sinf o‘quvchilari o‘qituvchisini kaltaklashgandi.

Maktabdagi tarix o‘qituvchisi O‘zbekiston davlat madhiyasi yangrayotgan vaqtda o‘quvchilar  hurmatsizlik qilib, madhiyani mazax qilishganida, o‘qituvchi ularga tanbeh berib, ularni tartibga chaqirgan. Shundan keyin 14 nafar o‘quvchi bir bo‘lib, o‘qituvchini do‘pposlay boshlagan, o‘qituvchi jiddiy tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

16 noyabr kuni voyaga yetmaganlar komissiyasi tomonidan ushbu masalani ko‘rib chiqilgan, bu holat jiddiy muhokama qilingan.

Komissiya a'zolaridan biri «Kun.uz»ga xabar berishicha, komissiya a'zolari 14 o‘quvchining barchasini voyaga yetmagan bolalar uchun maxsus koloniyaga jo‘natish taklifini bildirishgan. 

Lekin qonunchilikka ko‘ra, voyaga yetmagan bolalarni dastlab maxsus hisobga olmasdan turib, koloniyaga jo‘natib bo‘lmaydi.

«Qonunchilikka ko‘ra, bir huquqbuzarlik uchun bir chora ko‘riladi. Bu vaziyat uchun 3ta jazo turi bor bo‘lib, shundan bittasini tanlash mumkin edi: ota-onasiga jarima qo‘llash, maxsus hisobga olish va maxsus koloniyaga jo‘natish. Maxsus koloniyaga jo‘natish uchun bolalar avval maxsus hisobga olingan bo‘lishi kerak edi.

Biz jarima jazosini juda yengil jazo deb topdik. Shuning uchun, ularga nisbatan maxsus hisobga olish jazosi berildi. Ular bundan keyin ichki ishlar xodimlari nazorati ostida bo‘lishadi», deya ma'lumot berdi komissiya a'zolaridan biri «Kun.uz»ga.

Top