14:38 / 21.01.2020
0
19038

O‘zbekiston hukumatiga YaIM hajmini 100 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan

Bugun, 21 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, ma'ruza qilmoqda.

Prezident o‘z nutqida ijtimoiy sohalar sifatini yaxshilash hamda qamrovini kengaytirish, iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlarini o‘rta va uzoq muddatda jadal rivojlantirish bo‘yicha 3 yilda 30dan ortiq konsepsiya va strategiyalar qabul qilinganini ta'kidladi. 

«Biz uzoq yillar katta-katta raqamlarga mahliyo bo‘lib yurdik. Lekin bu raqamlar xalqimizga manfaat keltirmadi. Shu bois asosiy maqsadimiz aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni oshirish, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va buni odamlar hayotida, dasturxonida sezadigan qilish. O‘tgan yillarda birinchi qadamlar qo‘ydik. Lekin hali ko‘zlangan natijalarga erishganimiz yo‘q. Biron bir sohani mukammal deb ayta olmaymiz», – dedi davlat rahbari.

Hukumat zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘liq uddalayapti, deyishga hali erta ekani, xalq ko‘proq va aniq natijalar kutayotgani qayd etildi. 

«Joylarda juda ko‘plab muammo va masalalar o‘z yechimini topishi zarur. Odamlarimizning talab va ehtiyojlari kun sayin o‘sib bormoqda.

Shuning uchun, yangi hukumatning barcha a'zolaridan o‘zi mas'ul va javobgar bo‘lgan sohalarga tanqidiy yondashib, kelgusidagi ishlarni ortig‘i bilan bajarish, xalqimiz va parlamentga berilgan va'dalar ustidan to‘liq chiqish talab etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, amaliy natijadorlik va xalq manfaatlarini ro‘yobga chiqarish hukumatning har bir a'zosi faoliyatini baholashning asosiy mezoni bo‘ladi», dedi prezident. 

Kelgusi besh yil uchun yuqori iqtisodiy o‘sishni ta'minlash, soliq-budjet siyosatini takomillashtirish, sanoat tarmoqlari, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, uy-joy va kommunal sohalarni rivojlantirish borasida katta marralar belgilab olingani qayd etildi. 

So‘nggi ikki yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 44 milliard dollardan 58 milliard dollarga o‘sgan. Majlisda bu ko‘rsatkichni ikki barobar oshirib, 100 milliard dollarga yetkazish, inflatsiya darajasini 5 foizgacha kamaytirish, ishlab chiqarilayotgan iste'mol mahsulotlari hajmini ko‘paytirish hukumat, Markaziy bank va barcha darajadagi hokimlarning umumiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ta'kidlandi.  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top