16:16 / 08.04.2019
25699

Hokimlik tadbirkorlarni chuv tushirdimi? – Xiva buyum bozoridagi mojaro

O‘zbekiston iqtisodiyotida bozorlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan ham muammosi ko‘pi bo‘lmasa kerak. Chunki so‘nggi yillarda shaharlar markazidagi buyum va dehqon bozorlari bir necha marta ko‘chirildi, buzildi, qaytadan qurildi. Bu jarayonlarning og‘iri deyarli har doim tadbirkorning yelkasiga tushgan. Ular endigina bozorga o‘rnashib, sarflagan xarajatini qoplab, daromad ola boshlaganda do‘koni ko‘chirilgan, buzilgan, qayta qurilgan. Bozorda savdo qilish eng beqaror faoliyatdan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu maqolada Xiva shahar buyum bozorida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar duch kelgan shunga o‘xshash muammolar haqida so‘z yuritamiz.

2009 yilda Xiva tumanida «Buyum bozori» ochiq aksiyadorlik jamiyati (OAJ) tashkil qilinib, unga hokimlik tomonidan yer maydoni ajratib beriladi. 2013 yilda u «Xiva universal savdo kompleksi» aksiyadorlik jamiyatiga (AJ) aylantirilgan. Uning tarkibida 331 aksiyador va aksiyador hisoblanmagan 500ga yaqin mulkdorlar mavjud. Hozirgi kunda 227 nafar tadbirkor savdo faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

2017 yili Xiva shahri buyum bozori o‘rnida istirohat bog‘i qurilishi munosabati bilan «Xiva universal savdo kompleksi» AJ yer maydonlari davlat va jamoat ehtiyoji uchun olinishi haqida qaror qabul qilinadi. Shundan so‘ng, Xorazm viloyati hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini tanlash (ajratish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyasi (2018 yil 29 yanvardagi 21-sonli bayonnomasi) hamda Xiva shahar hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasi (2018 yil 2 maydagi bayonnomasi) yangi buyum bozori uchun Xiva shahar Sangar mahallasidan yer o‘rni ajratish taklifini ma'qullaydi.

Xiva shahar hokimligi ushbu bayonnomalarga asosan 2018 yil 3 may kuni (diqqat!) «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJni tashkil qilish va unga yer maydoni ajratish to‘g‘risida 835-sonli qarorini chiqaradi. U Xiva shahrining sobiq hokimi Erkin Yaqubov tomonidan imzolangan.

«Xiva universal savdo kompleksi» AJ a'zolari fikriga ko‘ra, Sangar mahallasi hududidan yangi buyum bozori qurilishi uchun yer maydoni kompensatsiya tariqasida aynan ularga ajratilishi lozim edi. Buning uchun «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJni tashkil qilishga zarurat yo‘q edi.

Xiva shahar hokimligi tomonidan 2018 yil 10 iyul kuni «Xiva universal savdo kompleksi» AJ tadbirkorlarini Sangar mahallasi hududida yangidan tashkil qilingan «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJ hududiga ko‘chirish haqidagi 115/1-sonli qarori chiqarilgan. Uning 1-bandida «Xiva universal savdo kompleksi» AJ faoliyatini «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJga ajratib berilgan yer maydonida vaqtinchalik davom ettirsin deb belgilab qo‘yilgan.

Bir shaharda 2ta yoki undan ortiq miqdorda bozor bo‘lishi mumkin emasmi? Albatta mumkin. Biroq, bu holatda yerlari davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan va mulki buzib tashlangan «Xiva universal savdo kompleksi» AJga boshqa joydan yer maydoni ajratilishi, kompensatsiya to‘lanishi kerak edi.

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi» to‘g‘risidagi Nizomning 26-bandida «Yuridik shaxsga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan uy, ishlab chiqarish imoratlari, boshqa imoratlar, inshootlar, dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasi olib qo‘yilgan holda unga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk beriladi va yer uchastkasi davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zarar to‘laligicha qoplanadi. Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar, yer uchastkalari mulkdorlariga zararlarni hamda qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi ko‘rgan zararni qoplash O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi» deb qayd etilgan.

2018 yil 31 may kuni «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJni ta'sis etish to‘g‘risida yig‘ilish bo‘lib o‘tib, unda Ganja Tajiyevni rais qilib saylash va jamiyatning ustav fondini 10 million so‘m miqdorida shakllantirish, ustav fondining 51 foizini, ya'ni 5 million 100 ming so‘m Xiva shahar hokimligining ulushi, 49 foizini, ya'ni 4 million 900 ming so‘m Ganja Tajiyevning ulushi qilib belgilash haqida qaror qabul qilingan.

Qayd qilish joizki, Ganja Tajiyev bu paytda «Xiva universal savdo kompleksi» AJ raisi ham edi. U bir-biriga raqobatdosh bo‘lgan ikki tashkilot rahbari lavozimida 1 avgustgacha ishlagan va shundan keyin «Xiva universal savdo kompleksi» AJ raisligidan ketgan.

«Xiva universal savdo kompleksi» AJ a'zolari fikriga ko‘ra, hozirgi paytda ularga qandaydir kompensatsiya berilishi haqida gap-so‘z ham bo‘layotgani yo‘q. Balki, «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJga tegishli bo‘lgan yangi buyum bozoridan 17-20 kv.m. maydonga ega bir do‘kon 50-60 million so‘m qiymatda taklif qilinmoqda. Bu esa do‘konning bozor narxidan 2-3 barobar qimmatroqdir.

Hozirgi vaqtda «Xiva universal savdo kompleksi» AJ a'zolari savdo faoliyatini to‘xtatmaslik uchun qurilish ishlari ketayotgan hudud atrofida vagonlar, akfadan yasalgan qo‘lbola budkalarda savdo qilishmoqda.

Yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha Xiva shahar hokimi Sobir Jumaniyazovdan izoh oldik.

«2018 yili «Xiva Universal savdo kompleksi» AJ yerlari davlat ehtiyoji uchun qaytarib olingan, hozircha tadbirkorlar Sangar mahallasida faoliyatini vaqtincha davom ettirishmoqda.

Biroq, bir narsani ta'kidlayman, do‘koni buzilgani to‘g‘risida asoslantiruvchi hujjat, hokimning qarori, ijara shartnomasi, umuman, barcha tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lgan tadbirkorlardan hech kim do‘konsiz qolmaydi, ularning barchasini yangi buyum bozoriga joylashtiramiz. Bu ish bilan jiddiy shug‘ullanyapmiz. Bundan tashqari, faoliyatini bozorda emas, balki boshqa joyda davom ettirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga «Obod mahalla» dasturiga tushgan hududlardan kelishuv asosida joy bermoqdamiz.

Hozir oldimizda «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJni «Xiva universal savdo kompleksi» AJga huquqiy voris qilish masalasi ko‘ndalang turibdi. Biz bu muammoni hal qilib olish uchun huquq idoralariga murojaat qilganmiz. Mana shu muammoning yechimi topilgach, tadbirkorlarni yangi buyum bozori hududiga joylashtirish masalasi hal bo‘ladi.

Xiva shahar hokimligi «Xiva universal savdo kompleksi» AJga yer ajratmasdan, «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJni tashkil qilib, yerni unga ajratishi to‘g‘risidagi qarori qanchalik to‘g‘ri?

Xiva shahar hokimligi «Xiva universal savdo kompleksi» AJga yer ajratmasdan, «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJni tashkil qilib, yerni unga ajratishi to‘g‘risidagi qarorini biz adliya va prokuratura bilan muhokama qilyapmiz, ekspertizadan o‘tkazyapmiz. Agar Xiva shahar hokimligining bu qarori noqonuniy bo‘lsa, uni bekor qilib, yerni «Xiva universal savdo kompleksi» AJga ajratish haqidagi qarorni chiqaramiz. Ekspertiza jarayonini taxminan 1 oy muddatda yakunlaymiz.

«Xiva shahar savdo kompleksi» MChJga tegishli bo‘lgan yangi buyum bozoridan tadbirkorlarga 17-20 kv.m. maydonga ega bir do‘kon 50-60 million so‘m qiymatda taklif qilinayotgani, bu esa do‘konning bozor narxidan 2-3 barobar qimmatroq ekanini qanday izohlaysiz?

Bozor hududida «do‘konimni o‘zim qurib olaman, bu menga arzon tushadi» degan gap bo‘lmaydi. Birinchidan, bozor hududida xususiy mulk bo‘lmaydi, mulk aksiyadorlik jamiyatiga yoki MChJga tegishli bo‘ladi, tadbirkorlar undan faqat ijara asosida foydalanishi mumkin. Bozor hududida do‘konlarni xususiy mulk qilib berish – qonunga ziddir. Ikkinchidan, bozor faqat do‘konlardan iborat bo‘lmaydi. Uning infratuzilmasi, asfalt qilingan yo‘li bo‘ladi, savdo do‘konlarining orasi tomi yopiladi, elektr energiya, suv tarmog‘iga ulanadi, kanalizatsiya o‘tkaziladi. Tadbirkorlar faqat bir do‘kon narxini hisoblab ko‘rayotgani to‘g‘ri emas. Bozor infratuzilmasining umumiy qiymati smeta hujjatlarida ko‘rsatiladi va yakunda do‘konlarning kvadraturasiga kiritiladi. Biz hozir smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazyapmiz. Bu jarayon yakunlanganidan so‘ng, do‘konlarning qiymati aniq bo‘ladi. Hozirgi paytda, smeta qiymati iloji boricha arzon qilinishi, tadbirkorlar uchun hamyonbop bo‘lishi ustida ishlayapmiz.

Xiva shahriga hokim qilib tayinlanganimga 4 oy bo‘ldi. O‘z oldimga dolzarb bo‘lgan vazifalarni, hal qilish shart bo‘lgan muammolarni belgilab olganman. Ulardan biri mana shu tadbirkorlar muammosi. Kafolat berib aytamanki, biror tadbirkor ko‘chada qolmaydi, ularning barchasi o‘z faoliyatini yangi buyum bozori hududida davom ettiradi», - dedi Sobir Jumaniyazov.

Qayd etish joizki, yangi buyum bozorining qurilish ishlari mavjud qonun-qoidaga zid ravishda olib borilayotgani haqida tegishli tashkilotlarning xulosalari va ogohlantirish xatlari bor.

Xususan, Xiva shahar elektr ta'minoti korxonasi 2018 yil 13 avgust kuni Sangar mahallasida qurilayotgan yangi bozor hududidan yuqori kuchlanishli (6 kVt) elektr ta'minoti liniyalari o‘tgani va qurilish elektr tarmog‘i xo‘jaligi obektlari muhofaza zonalarida qurilish ishlari olib borilishi taqiqlangani, qurilish ishlari Vazirlar Mahkamasining «Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obektlarini muhofaza qilishni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 93-sonli qaroriga zid ravishda olib borilayotgani to‘g‘risida ogohlantirgan.

Xorazm viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi buyurtmachi 2018 yil 26 noyabr kuni «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJ rahbari G.Tajiyevga va pudratchi «Xiva obod yo‘l qurilish» MChJ rahbari N.Boltayevga qurilishni to‘xtatish haqida ko‘rsatma bergan. Umumiy qurilish ishlari amalga oshirilayotgan hududda 8ta qonunbuzarlik holati, jumladan, loyiha smeta hujjatlariga ijobiy xulosa yo‘qligi, qurilish ishlarini boshlash uchun zarur bo‘lgan turli laboratoriya sinovlari xulosasi mavjud emasligi, qurilish me'yoriy hujjatlari talablari bajarilmagani (sovuq havoda betonlash va g‘isht terish ishlari bajarilgani), texnik nazorat ishlari olib borilmagani aniqlangan.

Xususan, Xorazm viloyati Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi Sangar mahallasi hududida qurilayotgan buyum bozori loyiha hujjatlari Davlat ekspertizasidan o‘tkazilmagani va Davlat arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasining ruxsatnomasi olinmaganini aniqlab, qurilish montaj ishlarini to‘xtatish haqida «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJ rahbari G.Tajiyevga 2019 yil 6 mart kuni ogohlantirish xati bergan.

Bunday ogohlantirish xatlari mavjud bo‘lishiga qaramay, Sangar mahallasi hududida qurilish ishlari davom etmoqda.

Bu muammolar yuzasidan «Xiva shahar savdo kompleksi» MChJ rahbari Ganja Tajiyevdan ham izoh oldik.

«Xiva shahridagi avvalgi buyum bozori eski paxta tozalash zavodi hududida, 6,7 gektar maydonda hududda joylashgan edi. Ammo u davlat tomonidan qabul qilinmagan edi.

Endi u yerda istirohat bog‘i barpo qilinishi bo‘yicha qaror chiqqan. Shuning uchun ham Sangar mahallasida yangi buyum bozori qurilmoqda. U zamonaviy ko‘rinishda, aholi va tadbirkorlar uchun qulay bo‘ladi.

Bozordagi bir do‘konning narxi 50-60 million so‘m qiymatda taklif qilinyapti? Hali qurilish smeta hujjatlari to‘liq ekspertizadan o‘tkazilmadi. Aprel oyida bu ishlar yakunlanadi va shundan so‘ng do‘konning qiymati aniq bo‘ladi. Hozircha bu haqda aniq ma'lumot yo‘q.

Qurilish ishlarini to‘xtatish haqidagi ogohlantirish xatlari? Biz bu masalaning ham yechimini izlayapmiz. Xususan, elektr energiyasi liniyalarining muhofaza hududida qurilish ishlarini to‘xtatganmiz. Bozor hududida mayda qurilish ishlari davom etmoqda. Hozir smeta hujjatlari ekspertizasini o‘tkazyapmiz. U yakunlanganidan so‘ng, tegishli tashkilotlarga taqdim qilib, ulardan qurilishni davom ettirish uchun ruxsat olamiz», - dedi Ganja Tajiyev.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, bu mojarolar bozor bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatning naqadar beqarorligi haqida maqolamiz boshida aytilgan fikrlarni tasdiqlamoqda. Barqarorlik bo‘lmagan sohalarda taraqqiyotga, o‘sishga erishish mushkul, xususan iqtisodiyotda ham. 

So‘nggi paytlarda nega chet ellik investorlar va tadbirkorlarning O‘zbekistonga kelishi sust, nega ular mamlakatimizda biznes qilishni istamayaptilar degan savollar o‘rtaga tashlanmoqda. Javob oddiy: investorlar biror mamlakatga borishdan oldin, o‘sha mamlakatdagi tadbirkorlarning ahvolini o‘rganib chiqishadi, shundan xulosa chiqarishadi. 

Oldin o‘zimizning tadbirkorlarni himoya qilaylik, ularning mulk huquqini hurmat qilaylik, ularning biznesi uchun barqaror sharoit yaratib beraylik. Endi biri ikkita bo‘lganida, undan ham ayrilishiga sababchi bo‘lmaylik. Shundagina xorijlik investorlarni chaqirmasak ham, o‘zlari kirib kelishadi.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top