08:56 / 05.03.2019
14516

O‘zbekistonda qator talabalar o‘qishning so‘nggi bosqichini bevosita amaliyotda o‘tkazishi tartibi joriy etilishi mumkin

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini o‘qitish hamda tuman (shahar) hokimlari va fuqarolar yig‘inlari raislarining huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha ishlarni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Adliya vazirligining 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Yong‘in xavfsizligi instituti, Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti va Toshkent davlat yuridik universitetining yuqori natijalar qayd etgan kursant (talaba)lari o‘qishining so‘nggi bosqichini bevosita amaliyotda o‘tkazish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Adliya vazirligi tomonidan ikki oy muddatda tarkibidagi oliy ta'lim muassasalarining yuqori natijalar qayd etgan kursant (talaba)lari o‘qishining so‘nggi bosqichini bevosita amaliyotda o‘tkazish tartibi to‘g‘risida idoraviy hujjatlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasining ichki ishlar organlari tergovchilarining O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida yetuk amaliyot xodimlari, malakali professor va o‘qituvchilar hamda ekspertlarni jalb qilgan holda malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Ichki ishlar organlari tergovchilarining malakasini oshirish tizimini joriy etishning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

dastlabki tergovni amalga oshirishda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustunligiga, ularning sha'ni
va qadr-qimmati hurmat qilinishiga so‘zsiz rioya qilish ko‘nikmasini mustahkamlash;

tergovchilarning bilim va malakasini oshirishda innovatsion texnika va vositalardan foydalanish hamda yangi ish uslublarini o‘rgatish;

tergovchilarning o‘ta murakkab, shu jumladan uyushgan jinoiy guruhlar va uyushmalar tomonidan sodir etilgan, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish bo‘yicha malakasini oshirish.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda Bosh prokuratura bilan birgalikda:

ichki ishlar organlari tergovchilarining O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura Akademiyasida malaka oshirish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

ichki ishlar organlari tergovchilarini muntazam ravishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida malakasini oshirish bo‘yicha rejasini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hokimlar va mahalla raislari uchun malaka oshirish kurslarining ta'lim dasturlariga huquqshunoslikka oid o‘quv soatlari ajratilishini ta'minlaydi.

Top