20:40 / 17.04.2020
69222

Xitoylik konsultantlar va tibbiyot xodimlari O‘zbekistonga yetib keldi

Yanvar-fevral oylarida Xitoyda epidemiyaga qarshi kurashda ishtirok etgan tajribali shifokorlarning bir guruhi O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun yetib keldi. Guruh tarkibidan virusolog, epidemiolog, pulmonolog, terapevt, jarroh va yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar o‘rin olgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Prezidentimiz tashabbusi bilan xitoylik shifokorlar va tibbiyot mutaxassislaridan iborat 15 kishilik guruh mamlakatimizga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik samarasi o‘laroq amalga oshirildi. Xitoylik mutaxassislar mamlakatimizda Covid-19’ning oldini olish, nazorat qilish va davolashni tashkil etishda yurtimiz tibbiyot xodimlariga yaqindan ko‘maklashadi.

Ta'kidlash joizki, mazkur tibbiy guruh Xitoyning Nanchan shahridan (Tszyansi provinsiyasining ma'muriy markazi) kelishgan bo‘lib, ushbu provinsiya Xubey provinsiyasi bilan chegaradosh (koronavirus tarqalishining epidemik markazi) va tuzalib ketgan bemorlar soni bo‘yicha Xitoyda birinchi o‘rinda turadi.

Tibbiy guruh tarkibiga virusolog, epidemiolog, pulmonolog, terapevt, jarroh va yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar kiradi. Ular orasida joriy yilning yanvar-fevral oylarida Xitoyda koronavirusga qarshi milliy kurash doirasida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Covid-19’ning tarqalish markaziga – Uhan shahriga va Xubey provinsiyasining boshqa shaharlariga yuborilgan yetakchi klinikalarning tajribali shifokorlari ham bor», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Xitoylik shifokorlar bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasi hukumati nomidan zarur tibbiy buyumlar va dori-darmonlar vositalaridan iborat gumanitar yordam ham olib kelingan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top