13:50 / 04.12.2019
1
17911

«Obod qishloq» shunday bo‘ladimi? – xonqaliklarning ijtimoiy muammolari

Xorazm viloyati, Xonqa tumani, Katta Jirmiz qishlog‘idagi «Nurobod» mahallasi aholisi yo‘llarning yomonligidan shikoyat qilishdi. Mahallada «Obod qishloq» dasturi amalga oshirilgan bo‘lsa-da, yo‘llar ta'mirlanmay qolgan.

«Nurobod» mahallasida 940ta xonadonda 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. 2018 yilda mahallada «Obod qishloq» dasturi amalga oshirildi. Hisobotga ko‘ra, 685ta uyning fasad qismi ta'mirlandi. 42ta tungi yoritkichlar o‘rnatildi. 15,5 km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘i qurildi. 16,5 km uzunlikdagi elektr simlari va 6ta transformator ta'mirlandi. Bitta yangi transformator o‘rnatildi. 21ta Gaz taqsimlash punktlari ta'mirlandi. Ijtimoiy sohaga tegishli bo‘lgan 2ta maktab, 1ta bolalar bog‘chasi, 1ta sog‘liqni saqlash obekti ta'mirlandi. 10ta bozor infratuzilmasi obekti, xususan, supermarket, minifutbol maydonchasi, hammom, go‘zallik saloni, milliy shirinliklar va hunarmandchilik sexi, etikdo‘zlik ustaxonasi, go‘sht do‘koni, qurilish mollari do‘koni, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi qurildi.

«Obod qishloq» dasturi asosida bajarilgan ishlar hisobotida 8,2 km yo‘llar joriy ta'mirlangani ko‘rsatilgan. Mahalla aholisi so‘zlariga ko‘ra, ta'mirlash ishlari oxiriga yetkazilmagan, chuqurchalar ko‘milib, o‘nqir-cho‘nqirlar tekislanib, shag‘al tosh to‘shalgan, ammo asfalt yotqizilmay qolib ketgan.

Bugungi kunda mahalladagi markaziy yo‘l notekisligi ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda va odamlarni qiynab qo‘ymoqda. Bu yo‘ldan harakatlanayotgan transport vositalari tezda ishdan chiqib, ta'mirtalab bo‘lib qolyapti.

Yo‘ldan ko‘tarilayotgan chang uylarni, dov-daraxtlarni, avtomashinalarni qoplab olmoqda. Odamlarning shikoyatiga ko‘ra, chang-to‘zon tufayli nafas olish ham qiyinlashyapti. Hatto yozning issiq kunlarida ham oyna va eshiklarini yopib o‘tirishga majbur bo‘lishmoqda. Aks holda hatto tanovul qilinayotgan ovqatlarga ham chang o‘tirmoqda.

Bu yo‘ldan ishga boradigan kattalar, maktabga, bog‘chaga qatnaydigan bolalar bezib ketishgan. Chang-to‘zon tufayli kiyimlar bir kunda kir bo‘lib qolmoqda. Ularni yuvib, quritish ham muammo – osib qo‘yilgan kirlarga tezda chang o‘tiryapti.

Mahallada piyodalar yo‘lagi ham yo‘q. Natijada, odamlar chang-to‘zonda, yo‘lning qatnov qismidan yurishga majbur bo‘lishyapti. Ayniqsa, bolalar yo‘lning serqatnov va xavfli qismidan bog‘chaga, maktabga borayotgani ota-onalarni xavotirga solyapti.

Nurobodliklar piyodalar yo‘lagini barpo qilib berilishini so‘rashmoqda.

Mahallada 15,5 km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘i qurilgan. Toza ichimlik suvi kuniga 2 mahal 2 soatdan berilyapti. Ammo ichimlik suvi tarmog‘iga faqat mahallaning bir qismi, ya'ni yo‘lning quvur o‘tkazilgan tomonidagi uylar ulangan xolos. Yo‘lning ikkinchi tomonidagi uylarga ulanib olish uchun ruxsat berilmagan. Aks holda, qazish ishlari natijasida yo‘lning qatnov qismi qoplamasi yanada buzilib ketishi mumkinligi sabab qilingan. To‘g‘ri, agar har kim yo‘lni o‘zboshimchalik bilan qazib tashlasa, ahvol bundanam badtar bo‘lib ketadi. Lekin toza ichimlik suvi tarmog‘i o‘tkazilsa-yu, unga ulanib olish taqiqlansa – bu qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Bu vaziyatda qandaydir muqobil yechim topish kerak edi. Afsuski, bu ishlar qilinmagan. Bundan tashqari, yo‘l yoqasidagi ichimlik suvi quvurlari yorilib ketgan. Qimmatli tabiiy resurs hech qanday hisobsiz zovurga oqib yotibdi.

«Nurobod» mahallasida birorta chiqindi to‘plash o‘chog‘i yo‘q. Odamlar maishiy chiqindilarni duch kelgan joylarga, ariqlar, zovurlarga tashlamoqda yoki undan qutulishning oddiy uslubini qo‘llab, yoqib yubormoqda. 5 mingdan ortiq odam istiqomat qiladigan mahalladan biror marta chiqindilar olib chiqib ketilmagan. Mahalliy tadbirkorlarning chiqindi to‘plash o‘chog‘ini tashkil qilish uchun maxsus yer ajratib berish haqidagi murojaatlari ham ijobiy hal qilinmagan.

Nurobodliklar uyali aloqa va mobil internet sifati pastligidan, ayniqsa elektr energiyasi ta'minotidagi tez-tez uzilishlar natijasida mobil aloqa juda yomonlashib ketayotganidan ham shikoyat qilishdi.

Bundan tashqari, bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun sharoitlar yaratilmaganidan, bolalar o‘ynaydigan maxsus maydonchalar, kutubxona yo‘qligidan kuyinib gapirishdi. To‘g‘ri, mahallada «Obod qishloq» dasturi doirasida davlat xususiy sherikchiligi asosida qurilgan yangi, zamonaviy bolalar bog‘chasi bor. Ammo tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagani uchun, muassasa faqat yarim quvvatda ishlamoqda xolos. Xonalar sovuqligi tufayli, ota-onalar bolalarini bog‘chadan qaytarib olishyapti.

Nurobodliklarning bugungi kundagi ijtimoiy muammolari shunday.

Qayd etish joizki, «Obod qishloq» dasturida bu muammolarning hal qilish yo‘llari, xususan, qishloqlarni ichimlik suvi bilan ta'minlash, qishloqlarni tuman markaziga ulaydigan yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash, qishloq ichki yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini barpo etish va ta'mirlash, yo‘llar bo‘yini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya inshootlarini barpo etish kabi ishlarni bajarish ko‘rsatib o‘tilgan.

Biroq, dastur doirasidagi ishlar yakunlanganiga bir yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, «Nurobod» mahallasi yo‘llari ta'mirlanmagan. Piyodalar yo‘lagi ham yo‘q. Ichimlik suvi tarmog‘iga ulanish masalasi paysalga solinmoqda. Uyali aloqa va mobil internet sifati yomon. Chiqindi tashlash o‘chog‘i yo‘q, odamlar duch kelgan joylarga chiqindi tashlamoqda. Bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun sharoitlar yetarli emas. Afsuski, odamlar «Obod qishloq» dasturida ko‘rsatilgan qulayliklardan bahramand bo‘lishmayapti. Dastur nafaqat qog‘ozda, balki amalda ham hayotga tatbiq qilinishini istamoqdalar.  

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top