15:33 / 07.12.2018
8602

Allamjonov: «Ko‘zi ojiz 3000 bola risoladagidek ta'lim ololmayapti»​​

Foto: KUN.UZ

Respublika bo‘ylab, 3000 bola ko‘zi ojizlar uchun maxsus maktablarda ta'lim olmoqda. Ayni vaqtda 3000 bola risoladagidek ta'lim ololmayapti, bu ahvol yildan yilga yomonlashyapti, deb hisoblaydi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori v.b.​ Komil Allamjonov.

7 dekabr kuni Toshkent shahar ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internati​da  O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan mamlakat tarixida birinchi marta nashr etilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining brayl alifbosidagi nashri taqdimotiga bag‘ishlangan xayriya tadbiri o‘tkazildi. 

Unda O‘zMAA Bosh direktori v.b. Komil Allamjonov ​imkoniyati cheklangan bolalarning iqtidori va malakasini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi boshqa turdagi adabiyotlar – badiiy adabiyotlar, turli qo‘llanmalardan ham foydalanishlari zarurligi haqida gapirib o‘tdi. 

«Lekin bunday kitoblarning yo‘qligi, shunchaki yaxshi ta'lim olishga sharoit yaratib berolmaganimiz bois, qanchadan-qancha iste'dodlarni kashf qilolmayapmiz.​ Eng katta muammo bu oliy o‘quv yurtlarida ko‘zi ojizlar uchun o‘quv qo‘llanmalarining yo‘qligida. Bu toifadagi talabalar faqatgina ma'ruzada yozib olgan konspektlardan foydalana olishadi, xolos. Odatda talabalar ma'ruza vaqtida 10 foiz ma'lumotga ega bo‘lishadi, qolgan axborotni esa kerakli adabiyotlardan o‘zlashtirishadi. Ko‘zi ojiz talabalarda esa bunday imkoniyat afsuski yo‘q​», - deya ta'kidlagan u. 

Xayriya tadbirida o‘quvchilarga brayl alifbosidagi lug‘at, Konstitutsiya va boshqa kitoblar hadya etildi. Shu kuni o‘quvchilar tayyorlagan madaniy-ma'rifiy chiqishlar mehmonlarga namoyish etildi. 

Ma'lumot uchun, ko‘zi ojizlar uchun ayni paytda maxsus kitoblar faqat bir dona bosmaxonada chop etiladi. Bundan tashqari, bosmaxona ma'naviy va moddiy jihatdan eskirgan. Bosmaxona hozirda yillik bor-yo‘g‘i 18 tur darslik chop qilmoqda. Vaholanki, ko‘zi ojizlar maxsus maktabi uchun yana 48 tur darslik yetishmaydi. Taqqoslash uchun, umumiy o‘rta maktablarda bolalar butun maktab davri mobaynida 134 ga yaqin darsliklardan ta'lim olishadi. Ta'kidlash joizki, gap o‘rta ma'lumotning asosi hisoblanuvchi, lekin ko‘zi ojiz bolalar uchun chop etilmayotgan matematika, fizika, kimyo kabi fanlar haqida ketyapti​.

Top