15:19 / 25.03.2021
11957

O‘zbekistonda homiladorlar va emizikli ayollar COVID-19’ga qarshi emlanmaydi

O‘zbekistonda COVID-19’ga qarshi emlanadigan va emlanmaydigan aholi toifasi haqida ma'lumot berildi.

Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasining immunoprofilaktika bo‘limi mudiri Vazira Mutalova O‘zbekistonda COVID-19’ga qarshi emlanadigan va emlanmaydigan aholi toifasi haqida ma'lumot berdi.

Vazira Mutalovaning so‘zlariga ko‘ra, xavf osti guruhiga kiruvchi: 65 yoshdan oshgan aholi vakillari, tibbiyot xodimlari birinchi navbatda emlanadi. Keyingi o‘rinda surunkali kasallikka chalinganlar, maktabgacha ta'lim va ta'lim muassasasi xodimlari, jamoat transportida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar va jurnalistlar bosqichma-bosqich emlanadi.

Mutaxassis emlanmaydigan aholi toifasi haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

«Emlashga kelgan fuqaro oilaviy shifokor tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. 18 yoshgacha bo‘lgan aholi qatlami, dori vositalariga allergiyasi bor fuqarolar, bundan avvalgi emlanishlarda allergik holatlar kuzatilgan, tana harorati ko‘tarilgan shaxslar, OITSga chalinganlar, homilador va emizikli ayollar emlanmaydi», degan u.

Avvalroq O‘zbekistonda aholini koronavirusdan emlash jarayonlari aprel oyida boshlanishi haqida xabar berilgan edi.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov emlash jarayonlarining kechikishi vaksinalar sifati va tibbiyot sohasining tayyorgarligi bilan bog‘liq emasligi haqida ma'lum qildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top