10:09 / 04.05.2018
7987

O‘zbek va koreys ijodkorlari birgalikda teleserial tasvirga olishni rejalashtirmoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati

Koreya Respublikasining Shimol bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi Son Yon Gil​ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida hamkorlikda teleserial yaratish masalasini muhokama etdi.  

«Bugun janob Prezident bilan uchrashuvda o‘zaro savdo-sotiq bo‘yicha ikki tomonlama aloqalar, davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan do‘stona munosabatlari, strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash va uning doirasidagi istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan suhbatlashib oldik. 

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida ishlab chiqilgan loyihalarni o‘z vaqtida va to‘la bajarilishini ta'minlash bu - hamkorlikning prinsipial vazifalaridan hisoblanadi. 

O‘zbekiston telekanallari va Koreya Respublikasining KBS telekanali bilan hamkorlikda teleseriallar yaratish masalasini ham muhokama etdik»​, deydi Son Yon Gil. 

Joriy yilning 3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasining Shimol bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi Son Yon Gil boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlarkan, do‘st Janubiy Koreya rahbariyati va xalqini joriy yil 27 aprel kuni Pxanmundjomda Koreyalararo sammit muvaffaqiyatli o‘tgani bilan yana bir bor tabrikladi.​
Ushbu tarixiy tadbir Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning KXDR bilan munosabatlarni yaxshilash, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, ishonch muhitini mustahkamlashga qaratilgan «Yangi shimoliy siyosat»ni ro‘yobga chiqarish borasidagi qat'iy pozitsiyasi va sa'y-harakatlari tufayli samarali natijalar berayotgani alohida ta'kidlandi.

Top