17:43 / 02.11.2020
27277

Xitoy vaksinasi O‘zbekistonda 5 mingga yaqin kishida sinovdan o‘tkaziladi

Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti tomonidan tayyorlangan vaksina sinovining uchinchi bosqichi O‘zbekistonda ham o‘tkaziladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi bo‘lim boshlig‘i Feruza Xo‘jayevaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 6 noyabr kuni mazkur vaksinani yaratish va ishlab chiqishda qatnashgan bir guruh xitoylik olimlar O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda.

«Vazirligimizda pandemiyaga qarshi kurashishda zarur dori vositalari, xususan, vaksinalarni ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xitoy Mikrobiologiya institutida ishlab chiqilgan vaksina sinovining uchinchi bosqichini O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ushbu bitimga binoan, Xitoy kompaniyasi vaksina klinik sinovlarining uchinchi bosqichini 5000 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talabgorlar o‘rtasida o‘tkazishni o‘z zimmasiga oldi.

Bitim doirasida 6 noyabr kuni Xitoy Mikrobiologiya institutining vaksinani ishlab chiqarish bo‘yicha amaliyot o‘tkazayotgan mutaxassislari O‘zbekistonga tashrif buyurishadi.

Albatta, bu juda murakkab jarayon. Vaksinani qo‘llash uchun uni bir necha bosqichda sinovdan o‘tkazish kerak. Buning ikki bosqichi Xitoyda o‘tkazilgan. Uchinchisi esa bir qator davlatlar bilan bir qatorda bizning mamlakatda ham o‘tkaziladi.

Agar sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, O‘zbekiston vaksinani imtiyozli narxlarda sotib olish huquqiga ega bo‘ladi hamda vaksina Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga O‘zbekiston orqali tarqatilishi nazarda tutilgan.

Feruza Xo‘jayeva

Tashrif davomida birinchi navbatda vaksinani qo‘llash bo‘yicha tashkiliy-huquqiy masalalar o‘rganiladi. Bu masala yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinadi. Xitoylik olimlar bilan vaksina kelajakda qanday qo‘llanishi va aholining qaysi qatlamlari unda ishtirok etishi masalalari kelishib olinadi», dedi vazirlik vakili.

21 oktabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlarini O‘zbekistonda tashkil etish masalasi bo‘yicha Xitoy fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti va «Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical» kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Odilova vaksina kimlarda sinalishi to‘g‘risida ma'lumot bergandi.

«Har bir mamlakatda yangi dori-darmonlar ishlab chiqarilganidan keyin u bir necha bosqichda sinovlardan o‘tkaziladi, jumladan vaksinalar ham. Sinovda qatnashish uchun ko‘ngillilar o‘z xohishlariga ko‘ra tanlab olinadi. Koronavirus kasalligiga qarshi vaksinani sinovdan o‘tkazishda ushbu kasallikka chalinmagan va organizmida immunoglobulin G shakllanmagan ko‘ngillilar qatnashishi mumkin», deya ta'kidlagan edi u.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top