19:38 / 19.05.2020
72281

O‘zini o‘zi band qilgan 60dan ziyod kasb egalari daromad solig‘idan ozod qilinadi

Karantin vaqtida o‘zini o‘zi band qilgan aholi vakillari soliqdan ozod etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 may kuni tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi.

Tadbir avvalida davlat rahbari koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash ishlariga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.

Kasallikni yuqtirgan 2 ming 802 nafar fuqaromizdan 2 ming 314 nafari yoki 82 foizi butunlay sog‘aygani, bu kurashda chinakam jasorat ko‘rsatayotgan 23 ming nafar tibbiyot xodimlariga jami 78 milliard so‘mdan ziyod rag‘batlantirish puli to‘lab berilgani aytildi.

«Kasallikka qarshi kurashish bilan birga, chet ellardagi fuqarolarimiz haqida ham qayg‘uryapmiz. Hozirgi kungacha xorijdan 39 ming nafar yurtdoshlarimizni olib keldik. Tashqarida og‘ir ahvolda qolgan yana 12 ming nafar fuqaromizga tegishli yordam ko‘rsatib, ularni yurtimizga olib kelish choralari ko‘rilmoqda», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiyot tarmoqlarida faollik tiklanmoqda. Misol uchun, oxirgi haftada tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan elektr energiyasi iste'moli 13 foizga ko‘paygan. Shuningdek, so‘nggi ikki haftada birjada sement savdosi oldingi oyning shu davriga nisbatan 104 ming tonnaga, yoqilg‘i mahsulotlari 74 ming tonnaga, qurilish oynasi 60 ming kvadrat metrga oshgan.

Epidemiologik holatdan kelib chiqib, hududlarni «yashil», «sariq» va «qizil» zonalarga ajratgan holda, 110 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yekti faoliyatiga ruxsat berildi, 600 mingdan ziyod xodimlar ish joyiga qaytdi.

Umuman, so‘nggi ikki oyda pandemiyaning aholi turmush tarzi va iqtisodiyot tarmoqlariga ta'sirini yumshatish bo‘yicha prezidentning 12ta farmon va qarori qabul qilindi. Buning natijasida 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'yekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trillion so‘mlik imtiyoz va preferensiyalar berildi.

18 may kuni davlat rahbarining «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi  farmoni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 500 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'yektlari va 100 mingga yaqin aholiga qo‘shimcha 1,7 trillion so‘mlik ko‘mak beriladi.

«Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, nima sharoit yaratish zarur bo‘lsa, barchasini qildik. Endi iqtisodiyot va investitsiya komplekslari, sektor rahbarlari quyi tizimda ushbu imtiyozlarning har bir tadbirkor va fuqarogacha yetib borishini ta'minlashi kerak», dedi prezident.

Respublika komissiyasiga sohalar va hududlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, qolgan 40 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga ham bosqichma-bosqich ruxsat berish vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, hozirgi vaqtda mamlakatning 38ta tumani «qizil» zonada qolayotgani bois karantin qoidalariga qat'iy amal qilish talab etiladi.

O‘zini o‘zi band qilayotgan, qo‘lida kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Ya'ni, sartarosh, etikdo‘z, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksist, tarjimon, dizayner, kompyuter dasturchisi kabi o‘zini o‘zi band qilgan 60dan ziyod kasb egalari daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun telefon orqali soliq idoralarini xabardor qilish kifoya. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida bunday fuqarolarni ro‘yxatga olish va hisobini yuritish bo‘yicha mobil ilova ishlab chiqiladi.

Ushbu chora  qisqa fursatda yangi ish o‘rinlari yaratish uchun kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash niyatida ko‘rilmoqda. Hukumat pandemiya tufayli O‘zbekistonda kambag‘al aholi va ishsizlar soni oshishi, oilalar daromadi kamayishini prognoz qilmoqda.

Top