16:56 / 14.03.2021
61739

CCV: Xavotirga o‘rin yo‘q, koronavirus bo‘yicha vahimalar asossiz 

So‘nggi ikki sutka ichida koronavirus tarqalishi keskin ko‘payganiga oid xabarlar tarqaldi. O‘z shaxslarini oshkor qilmagan manbalar shifoxonalarda «joy qolmagani», ayniqsa Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonalari «to‘lib ketgani», reanimatsiya bo‘limlarida bemorlar og‘ir ahvolda ekani haqida audioxabarlar yo‘llagan.

Rasmiy statistikaga qaralsa, chindan ham sutkalik aniqlanishlar ko‘rsatkichi 30 nafar bemor atrofida bo‘lgani holda 12-13 mart kunlariga kelib 80 nafarga yaqinlashgan, birgina Toshkent shahrining o‘zida bir kunda 70 nafar bemor aniqlangan.

Kun.uz epidemiologik vaziyat yomonlashayotgani haqidagi gumonlarga oydinlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘landi.

“To‘g‘ri, qayd etish ko‘rsatkichi biroz oshgani rost. Lekin umumiy ahvol vahimali xabarlarda aytilganidek emas. Bu xabarlar haqiqatga mos kelmaydi.

Lekin bir jihatga e'tiboringizni qaratishni istardim, biz hali ham boshqa mamlakatlar qatori koronavirusdan butunlay qutulganimiz yo‘q, kasallik manbasi saqlanib qolganini unutmasligimiz kerak. Ammo so‘nggi ikki kunda koronavirus bilan kasallanish ko‘rsatkichi oshganligidan fojia yasamaslik kerak.

Bu ko‘rsatkichlarni oshishi ma'lum ma'noda bizni xotirjam bo‘lib qolganimizdan, sanitariya talablariga rioya qilmayotganimizdan, oddiy niqob taqib yurishni unutayotganimizdan bo‘lsa, ikkinchidan, bilasiz, kuz va bahorda o‘tkir yuqumli respirator infeksiyalar avj olishi bilan bog‘liq.

Tarqatilayotgan audio yozuvlarda Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonalarida kasallar ko‘payib, bo‘sh o‘rinlar qolmagani aytilgan. Hozirda  4 ming shifo o‘ringa ega Zangiotadagi ikkita davolash muassasalarida minglab bo‘sh o‘rinlar mavjud. Ayni paytda o‘rinlarga ehtiyoj yo‘qligi uchun Zangiota 2-yuqumli kasalliklar shifoxonasining “A” blogi to‘liq yopilgan, “V” blogining ham bitta bo‘limi butunlay, ikkinchi bo‘limining esa yarmi yopilgan.

Demak, asossiz xavotirga o‘rin yo‘q, vahimalardan qo‘rqmaslik, ammo shu bilan birga ko‘p marta aytilgan sanitariya va gigiyena qoidalarini unutmaslik kerak”, – dedi Furqat Sanayev.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top