11:16 / 15.07.2019
31463

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi haqida eslatma berdi

Foto: Mariya LeNs / Komsomolskaya pravda

Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi (QKGI) kanalar orqali transmissiv yo‘l bilan yuqadigan, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir, deb xabar bermoqda Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi.

Kasallikni virus qo‘zg‘atadi. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi. QKGI virusining manbalari – kemiruvchilar, yirik va mayda shoxli mollardir.

Kasallik asosan, faoliyati cho‘l hududlari, ya'ni tabiiy o‘choqlar bilan bog‘liq bo‘lgan kasb egalarida (cho‘pon, ularning oila a'zolari, mol boquvchilar, ovchilar, qo‘ylar junini qirqimiga vaqtinchalik ishga jalb etilganlar) uchraydi. Gemorragik isitma mavsumiylik xususiyatiga ega bo‘lib, asosan yilning bahor va yoz fasllarida qayd etiladi. Kasallikdagi bunday mavsumiylik kanalarning faolligi bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Kasallik asosan (80% dan ko‘prog‘i) 20 – 60 yoshdagi erkaklarda uchraydi.

Ushbu kasallik tabiiy sharoitda o‘zida gemorragik isitma virusini saqlaydigan kanalarning chaqishi va chorva mollaridan ularni olib, qo‘llar bilan kanalarni ezish natijasida terining kana qoni bilan ifloslanishi orqali odamlarga yuqadi. Kasallikning yana bir xavfli tomoni QKGI bilan og‘rigan bemorning qoni orqali ham gemokontakt yo‘l orqali sog‘lom odamga yuqadi.

Respublikamizning juda katta maydoni gemorragik isitma bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlar hisoblanadi.

Ushbu kasallik virus bilan zararlangan kanalarning tarqalishiga bog‘liq bo‘lib, tabiiy o‘choqli bo‘lmagan hududlarda ham uchrashi mumkin.

Bundan tashqari, ushbu kasallikning respublikamiz hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalish xavfi ham mavjud.

Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2 – 3 kun davom etadi. Ba'zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho‘ziladi.

Kasallik o‘tkir boshlanib, tana haroratining ko‘tarilishi (39 – 40 ºS), yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terilarining qizarishi,badanning sovuq qotib qaltirashi, mushaklarning og‘rishi, toshma toshishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi, inʼeksiya joylarida qon quyilishlar kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba'zida kasallik og‘ir kechib, o‘lim holatlari ham qayd etiladi.

Mazkur kasallik gemorragik belgilarsiz shaklda ham kechishi mumkin. Kasallikning bu shaklida badanda toshmalar toshmaydi, qon talashlar kuzatilmaydi, kasallik asosan isitma va xolsizlik alomatlari bilan kechadi. Bunday bemorlardan laboratoriya tekshiruvi uchun qon olish hamda teri butunligi buzilishi bilan kechadigan muolajalarni amalga oshirish jarayonlarida tegishli qoidalar talablariga rioya qilmaslik natijasida tibbiyot xodimlariga xam kasallik yuqishi mumkin.

Qrim – Kongo gemorragik isitma kasalligidan saqlanish uchun quyidagilarga rioya qilish tavsiya etiladi:

badanga kana yopishganligi aniqlansa, yaqin joylashgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish kerak, agar yosh bolaga kana yopishgan bo‘lsa;

kana chaqishdan ehtiyot bo‘lish maqsadida teri yuzasi imkon qadar kiyimlar bilan bekitilish kerak.

Kana ko‘pincha oyoqlar orqali kirishini inobatga olib, shimni pochalari mahkam bog‘lanishi kerak.

Terini kana chaqishidan asrash uchun cho‘chituvchi vositalar, ya'ni repellentlardan ham foydalanish mumkin, bunday vositalar dorixonalarda sotiladi.

Cho‘chituvchi vositalar teri yuzasiga purkaladi, ularning ta'siri 3 soatgacha davom etadi, 3 soatdan so‘ng terini repellent purkalgan qismi xo‘jalik sovuni yordamida yuvib tashlanadi va zarurat bo‘lganda repellent takroran qo‘llaniladi.

Umuman, agar biror kishini kana chaqsa, yoki badaniga kana yopishganini ko‘rsa, qo‘llari kana qoni bilan ifloslansa, shuningdek isitmasi chiqqan, burundan, milklardan, oshqozon – ichaklardan, bachadondan qon ketgan bemorlarga yordam ko‘rsatsa, bemorning qoni teri va shilliq qavatlariga tekkan bo‘lsa, unda yordam ko‘rsatgan odam xam tibbiy yordamga murojaat etishi shart.

Kanalarni qo‘l bilan ezib va qaychi bilan kesib o‘ldirmaslik, qirqim mavsumiga yosh bolalarni, o‘smirlarni va homilador ayollarni jalb etmaslik, sut sog‘ish jarayonida sigirlardan kanani qo‘l bilan olmaslik, shuningdek, qirqim vaqtida faqat maxsus himoya kiyimlardan (qo‘lqop, yeng va poychalari mustahkam berkiladigan shim, kamzul, rezina etik) foydalanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga puxta amal qilish kasallikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Kana chaqishidan ehtiyot bo‘lish – bu Qrim – Kongo gemorragik isitma kasalligini oldini olishning garovi ekanligini unutmasligimiz kerak, deyiladi xabarda.

Top