22:29 / 21.04.2017
13122

Vazirliklar, mutasaddi idoralar, OAV - xalq muammolarini yechish yo‘lida

Bugun 21 aprel kuni  Harakatlar strategiyasining 1-choragiga bag‘ishlangan hisobot anjumani bo‘lib o‘tdi.

"Harakatlar sarhisobi: 2017 yil 1-chorak yakunlari" anjumanida Oliy Majlis Senati, Oliy Majlis qonunchilik palatasi, “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi,   Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Markaziy bank, Oliy sud, Pensiya jamg‘armasi, Adliya vazirligi,  Iqtisodiyot vazirligi, Raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi vakillari ishtirok etishdi va o‘z sohalarida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berishdi:

- Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish yo‘nalishi;

- Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish yo‘nalishi;

- Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish yo‘nalishi;

- Ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishi;

- Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash yo‘nalishi.

Joriy yilning 1 mart kuni o‘z faoliyatini boshlagan "Taraqqiyot strategiyasi" markazining maqsadi xalq va davlat idoralari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik rolini bajarishdir. Shuni ta'kidlash joizki, davlat idoralari vakillari anjumanga ana shu markaz tomonidan olib borilgan tahliliy o‘rganishlar, shuningdek aholidan kelib tushgan murojaat va takliflarni inobatga olgan holda taklif etilgan.

Anjumanda ko‘plab OAV vakillari faol ishtirok etishdi va yangi banknotalar, bankomatlar muammosi, sayyohlik tizimi, topilishi qiyin bo‘lgan dori vositalari bo‘yicha qator savollar bilan murojaat qilishdi.  Shu bilan birga hududiy OAV vakillariga ham masofadan ishtirok etish imkoni yaratildi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning videosavollariga ham imkon qadar javob berildi.

Davlat idoralari vakillari shu kunga qadar o‘z sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berishdi. Natijalar yaxshi, albatta. Biroq istiqboldagi rejalar haqida ma'lumotlar kam.

"Har bir idorada OAV bilan ishlovchi alohida xodim faoliyat olib bormoqda" deyildi, biroq anjumanda gapirilgani bilan barcha mutasaddi tashkilotlarning OAV uchun mas'ul xodimlari o‘z xizmat burchlarini to‘liq ado etmasligi ko‘pchilikka sir emas.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan davlat idoralari va tashkilotlarning shaffoflik, ochiqlik tamoyiliga amal qilishi, "ura-uralar"dan qochishi borasida ko‘p gapirilmoqda. Afsuski, ko‘p sohalarda hozircha shaffoflikka erishish qiyindek ko‘rinadi. Zero jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga aniq, to‘liq javob topishning o‘zi muammo. Ba'zi savollarga berilayotgan javoblar xali ham o‘sha-o‘sha - "olib borilmoqda", "jadallashmoqda", "...muvaffaqiyatlarga erishilgani quvonarli hol" va h.k.

Tadbir davomida boshlovchilar reglamentni qayta-qayta eslatib turishlariga to‘g‘ri keldi. Vazirlik yoki tashkilot vakili savolga to‘liq javob beray desa, vaqt yetishmaydi, qisqa va "aylanib o‘rgiluvchi" javoblardan esa OAV vakillari qoniqishmaydi. Hatto ba'zi mahalliy nashrlar vakillari savol-javob qismidan qoniqmay, zalni ertaroq tark etganiga guvoh bo‘ldik. Ba'zi davlat nashrlari esa "bu yerda savol berguncha yozib yuboramiz, baribir aniq javob bo‘lmaydi" deyishdi.

Shuni ham ta'kidlash joizki, negadir muayyan savollar ba'zi vazirlik va mutasaddi tashkilotlar xodimlarini asabiylashtirdi va mavzuni boshqa tomonga yo‘naltirishga harakat qilindi. Bundan tashqari, OAV vakillarining nima uchun aynan bir nashr vakillari ko‘proq savol berayotgani kimlargadir yoqmadi. Shuningdek nima uchun bir soha vakiliga savol ko‘proq, boshqasiga kam ekani ishora qilindi... Demak, aynan savol ko‘p berilayotgan sohalarda o‘z yechimini kutayotgan kamchiliklar, muammolar bisyor! Ularni mana shunday ochiq, yuzma-yuz muloqotlarda hal qilinmasa, qachon hal qilinadi? Qo‘ng‘iroq qilib yoki alohida murojaat qilingandan ko‘ra mana shunday muloqotlar effekti kuchliroq, nazarimda. Ba'zi savol egalariga anjumandan so‘ng mutasaddi tashkilotlar vakillari o‘zlari kelib, muammo bilan qiziqib, uni hal qilishga va'da berishdi.

Shunday ekan, OAV vakillarining kimga qanday savol berishi o‘ziga havola. Zero mahalliy matbuot vakillari xalqning xohishi va muammolarini  davlat idoralari vakillariga yetkazishadi va shu tariqa o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tashadi.

2017 yil "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deya e'lon qilingan ekan, bizning vazifamiz - aholini qiynayotgan muammolar, farovon turmush yo‘lida to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni birgalikda bartaraf qilishga hissa qo‘shish, ulardan qochish emas...

Ehtimol, bu shaffoflik sari qo‘yilgan birinchi qadam bo‘lgani bois shundaydir yoki bu kimgadir "yoshlarning sabrsizligi, vaziyat mohiyatini tushunmasligi"dek ko‘rinar. Biroq O‘zbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil qilar ekan, tajribali mutaxassislarimiz ularga o‘rnak ko‘rsatishlari, eski emas, yangicha pozitsiyani qo‘llashlari, yoshlarni kelgusida jahon sahnida o‘z so‘zini dadil ayta oladigan qilib tarbiyalashlari kerak. 

Top