13:00 / 24.01.2020
16
97333

«Buni yashirib yurishga haqqimiz yo‘q». Prezident ilk marta O‘zbekistondagi kambag‘allik darajasini ochiqladi

O‘zbekiston tarixida ilk marotaba kambag‘allik oliy darajadagi rahbariyat tomonidan tan olindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 12-15 foiz atrofida ekanini ma'lum qildi.

«Hududlarda, ayniqsa qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbayiga ega emasligi hech kimga sir emas. Buni yashirib yurishga haqqimiz yo‘q. Endi ochiqcha aytishimiz kerak. Hurmatli deputatlar ham, senatorlar ham shuni bilishi kerak.

Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi, bizda ham kam ta'minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu – kichkina raqamlar emas. Gap 4-5 million aholi vakillari haqida ketyapti. Bu – juda katta raqam.

Agar yetarli daromad manbayiga ega bo‘lmagan mana shu 4-5 million aholi masalasiga alohida e'tibor bermasak, ko‘p narsalarda ko‘zbo‘yamachilik, balandparvoz gaplar... 12-15 foiz aholimiz yetarli daromad manbayiga ega emas.

Hokimlar, vazirlar, hamma mutasaddilar bilishi kerak. Biz birinchi marta mana shu narsani ochiq aytyapmiz. Kambag‘alligimiz, ya'ni 12-15 foiz aholimizning daromadi hali ancha past», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbariga ko‘ra, ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to‘lash yoki ular miqdorini oshirish orqali kambag‘allik muammosini hal qilish mumkin, deb hisoblash –     bir tomonlama yondashuv bo‘lib, muammoni to‘la yechish imkonini bermaydi.

  «Kambag‘allikni kamaytirishga aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirishimiz kerak.

Shuning uchun, Jahon banki, BMTning Rivojlanish dast uri va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambag‘allikni kamaytirish dasturini birinchi marta ishlab chiqishni taklif qilaman. 

Bunda xalqaro me'yorlar asosida, chuqur o‘rganishlar o‘tkazib, «kambag‘allik» tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash uslublarini qamrab olgan yangi metodologiya yaratish lozim», – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Ma'lum qilinishicha, oxirgi 2 yil ichida ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 1,3 barobarga ko‘payib, nafaqalar miqdori ikki barobarga oshgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top