10:10 / 16.01.2023
130158

Jahongir Ortiqxo‘jayev ishdan olindi

Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga tayyor emasligi keskin tanqid qilindi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident huzurida energiya resurslari ta’minoti yuzasidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

«Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning kayfiyatini, hissiyotini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan o‘tkazyapman», dedi davlat rahbari.

Yuzaga kelgan vaziyat sohalar hamda hudud rahbarlarining bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygani ta’kidlandi. Ayniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga tayyor emasligi keskin tanqid qilindi.

Poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani natijasida ruxsatsiz qurilgan obektlar soni 250 dan oshib ketgani, qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, bozorlarda oziq-ovqat muzlab qolmasligi uchun, narx-navo oshib ketmasligi uchun chora ko‘rilmayotgani uchun poytaxt mutasaddilariga qat’iy e’tiroz bildirildi.

Shu bois, vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun bugun Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi.

Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa tumanlari hokimlariga "hayfsan" berildi.

  • Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 yil aprelida Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan, 2018 yil dekabrida lavozimga tasdiqlangandi.
  • 12 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqda Jahongir Ortiqxo‘jayevning mas’ullarga murojaati audiosi tarqalgan, unda tuman hokimlari va boshqa mas’ullardan «ikki kun turib berish» so‘ralgan, yo‘qsa «hamma bir tiyinga yaramas hokimlar» bo‘lib qolishi aytilgandi. Shuningdek, 16 yanvarga qadar Toshkent shahridagi to‘yxonalarda xalqqa osh tarqatilishi ma’lum qilingandi.
Top