20:42 / 01.02.2022
15256

Farmon talabi yana bajarilmadi. Firdavs Abduxoliqov ishi bo‘yicha sudlar efirga uzatilmadi

Ma’lum bo‘lishicha, Kinematografiya agentligi bosh direktori ustidan ochilgan ma’muriy ish bo‘yicha shu paytgacha ikkita sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Lekin prezident farmoniga zid ravishda, bu majlislar efirga uzatilmadi. Bu – qonunchilik talabi bajarilmayotgan birinchi holat emas.

Toshkentda Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z o‘g‘li, qizi va rafiqasiga tegishli telekanalga davlat buyurtmalarini bergani yuzasidan sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

Prokuratura amaldorga nisbatan MJtKning 175-8-moddasi (davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 4-qismi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atgan.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning ma’lum qilishicha, ish yuzasidan hujjatlar JIB Chilonzor tuman sudining ish yurituviga 26 yanvar kuni kelib tushgan va sud majlisi 27 yanvarga tayinlangan.

27 yanvardagi sud majlisida Firdavs Abduxoliqov ishtirok etib, ko‘rsatma bergan. Shundan keyin sud ishni ko‘rish bo‘yicha 31 yanvargacha tanaffus e’lon qilgan, lekin shu kuni Abduxoliqov sudga ariza bilan murojaat qilib, ishni ko‘rishni boshqa kunga qoldirishni so‘ragan.

Mazkur ish sudda ko‘rilayotgani haqida OAV va jamoatchilik ikkita sud majlisi o‘tib bo‘lganidan keyin xabar topdi.

Ish bo‘yicha 2 fevralga belgilangan navbatdagi sud majlisida sud qarori o‘qilishi mumkin, bu esa bundan avvalgi sud jarayonlaridan, xususan sudga chaqirilgan guvohlar va Abduxoliqovning sudda bergan ko‘rsatmalaridan jamoatchilik bexabar qolganini anglatadi.

Vaholanki, prezidentning ochiqlikka oid farmoniga binoan, 2021 yil 1 dekabrdan boshlab davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha sud majlislari telekanallar va internetda jonli efirga uzatilishi kerak edi.

Bu talab bajarilishiga Milliy teleradiokompaniya va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul.

Dekabr oyida bu ikki mas’ul tashkilot yirik korrupsion jinoyat sodir etgan Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov sud qilinganida farmon talabini bajarmagandi.

O‘shanda Kun.uz'ga izoh bergan Oliy sud matbuot kotibi mas’uliyatni MTRKga ag‘dargan, MTRK direktori o‘rinbosari esa o‘z navbatida suddan bexabar bo‘lganini aytib Oliy sudni ayblagandi.

Aksilkorrupsiya agentligi esa sud jonli efirga uzatilishi uchun taraflarning roziligi kerakligi, JPKning 19-moddasi tartibida ish ko‘rilishini bildirgandi.

“Bu yerda qonunni buzganlikda hech kim javobgarlikka tortib bo‘lmaydi. Chunki majbur deyilmagan”, – deyilgandi aksilkorrupsion organning Kun.uz'ga javobida.

Qayd etish kerak, O‘zbekistonda prezident hujjatlarida belgilangan vazifalarning amalga oshishi borasida muammolar bor, shu sababli o‘tgan yili bu boradagi nazorat kuchaytirilib, Adliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi tuzilgandi.

Mavzuga oid
Top