01:15 / 13.03.2021
7223

O‘zbekistonda mehmonxonalar tizimi qay darajada tiklana oldi?

Foto: KUN.UZ

Pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalardan biri (balki birinchi o‘rindagisi) turizm bo‘ldi. Ayniqsa mehmonxonalar butkul bo‘shab qoldi va bu sohada ishlovchi ko‘pchilik daromadini yo‘qotdi. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda barq urib rivojlanayotgan soha o‘zini qay darajada tiklay oldi? Tizim zarardan chiqa oldimi? Mana shu savollarga javob olish uchun Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi rahbari Dilshod Odilov bilan suhbat qurdik.

– Ayni paytda ham mehmonxonalarda qandaydir cheklovlar amal qilyaptimi?
– Yo‘q, pandemiya davrida mehmonxonalar faoliyati bo‘yicha joriy qilingan cheklovlar bekor qilingan. Barcha mehmonxonalar, hostellar odatiy ish rejimiga o‘tdi. Faqat sanitariya-gigiyena qoidalari kuchaytirilgan, buni mehmonlar ham to‘g‘ri tushunib, hatto o‘zlari talab qilmoqda.

– Koronavirus ham ancha jilovlandi, cheklovlar bekor qilinmoqda. O‘zbekiston mehmonxonalari daromadlari qay darajada tiklandi, qancha ishchilar o‘z o‘rniga qaytdi?
– Tiklanish davri 2020 yilning oktyabr-noyabr oylarida boshlangan va hanuz davom etmoqda. Birinchi navbatda asosan mahalliy aholiga xizmat ko‘rsatuvchi kichik, arzon mehmonxonalar biznesga qaytib, to‘liq hajmda ishlashga harakat qilmoqda. Chunki aynan shu davrda ichki turizm ham asta-sekin o‘ziga kela boshladi. Shu paytgacha zararga ishlagan mehmonxonalar dastlab xarajatlarini qoplay boshladi, 2021 boshidan esa ular asta-sekin foydaga kirdi. Asosan katta mehmonxonalar ko‘p zarar ko‘rdi. Bilasizmi, qaysi mehmonxona yopilmay, zararga qaramay ishlab turgan bo‘lsa, o‘sha tezroq tiklanib ketdi.

Ish o‘rinlariga kelsak, bu borada katta yo‘qotish bo‘lgandi. Optimizatsiya jarayonida mehmonxonalar ilojsizlikdan malakali mutaxassislar bilan ham xayrlashishga majbur bo‘lishdi. Pandemiyaga qadar 100 kishi ishlayotgan bo‘lsa, ayni paytda 60-70 kishi ishlamoqda. Ya'ni, kamida 25-30 foiz qisqarish bo‘ldi. Hatto tiklanish jarayonida ham ish o‘rinlari to‘liq oldingi holiga qaytmadi, chunki pandemiya davrida mehmonxonalar xodimlariga boshqacha talab qo‘yishga majbur bo‘lmoqda. Bu davrda uch kishi qiladigan ishni bemalol ikki kishi eplashi mumkinligi ayon bo‘lib qoldi.

– Mehmonxonalar o‘sha og‘ir paytlardan qanday qilib chiqib keta oldi yoki chiqayapti?
– Avvalo davlat tomonidan qator imtiyozlar berildi. Bundan tashqari, pandemiya qo‘shimcha g‘oyalar yaratilishiga yo‘l ochdi. Avval mehmonxonalar o‘zlarining qo‘shimcha imkoniyatlariga jiddiy qaramagan bo‘lsa, pandemiya davrida shu jihatlarga e'tibor berildi. Masalan, har bir mehmonxona o‘z basseyni, trenajyer zali, spa salonlari, anjumanlar zali va restoranlari orqali ham qo‘shimcha daromad ko‘rishi mumkinligi ko‘rindi. Ayniqsa anjumanlar zallariga talab borgan sari ko‘paymoqda.

– Narxlar va to‘lish darajasi haqida qanday ma'lumotlar bor?
– Mehmonxonalarda narxlar sezilarli darajada tushgan. Pandemiyaga qadar 1 million so‘mlik nomerlar bugun 500 ming, hatto 450 ming so‘mga ham sotilmoqda. Budjet segmentida ham o‘ziga yarasha pasayish bor. Mehmonxonalarning to‘lish darajasi 35-40 foiz atrofida. Bu natija bilan bugungi kunda zararsiz ishlash mumkin, ammo rivojlanish imkoni bo‘lmaydi. Qolaversa, davlat tomonidan berilgan soliq imtiyozlari bekor qilinsa, bu ko‘rsatkich bilan zararga kirib ketish hech gap emas. Ammo vaziyat kun sayin o‘nglanib borayotgani umid bag‘ishlaydi.

Abror Zohidov suhbatlashdi

Top